AQSH va Eron 60 kunlik sulhga kelishib oldi – OAV

Olam

image

AQSH va Eron muzokarachilari ikki oylik muddatga o‘t ochishni to‘xtatish, Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini blokdan chiqarishni nazarda tutuvchi “60 kunlik memorandum”ni kelishib oldi. Bu haqda “Axios” nashriga ikki nafar AQSH mulozimi va vositachilik harakatlarida qatnashayotgan mintaqaviy manba ma’lum qilgan.  

Nashrning yozishicha, biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp hozircha bu masala bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilgani yo‘q. Amerika ma’muriyatining yuqori martabali vakili so‘zlariga ko‘ra, Tramp “yakuniy qarorga kelishdan oldin bir necha kun o‘ylab olmoqchi”.

Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi “cheklovlarsiz” – Eron kuchlari tomonidan hech qanday bojlar, ushlab turishlar va ta’qiblarsiz amalga oshiriladigan bo‘ladi. Eron 30 kun ichida bo‘g‘ozdagi barcha minalarni tozalashi shart. AQSH esa bunga javoban dengiz qamalini olib tashlaydi, biroq bu jarayon tijorat kemalari qatnovining tiklanishiga mutanosib ravishda (bosqichma-bosqich) amalga oshiriladi. Memorandum, shuningdek, Eronning yadroviy qurol yaratishga intilmaslik majburiyatini ham o‘z ichiga oladi.

60 kunlik sulh davrida muzokaralarning birinchi galdagi masalalari yuqori darajada boyitilgan uranni utilizatsiya qilish (yo‘q qilish) va Eron tomonidan uranni boyitish muammosini hal etishdan iborat bo‘ladi. AQSH esa, o‘z navbatida, sanksiyalarni yumshatish, Eronning muzlatilgan mablag‘larini blokdan chiqarish hamda Tehronning zarur tovarlar va gumanitar yordam olishi uchun maxsus mexanizm yaratishni muhokama qilish majburiyatini oladi.

AQSH rasmiy shaxslarining ta’kidlashicha, kelishuv shartlari asosan joriy yil 26 may kuniga qadar muvofiqlashtirilgan va eronliklar barcha zarur ruxsatlar mavjudligi hamda hujjatni imzolashga tayyor ekanliklarini bildirgan (Tehronning o‘zi buni hozircha rasman tasdiqlagani yo‘q).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti va uning maslahatchilari Eron bilan kelishuv tuzishga yaqin ekanliklarini bir necha bor ma’lum qilgan, biroq bu ish haligacha amalga oshmay kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron sulh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing