AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralar boshlandi – Fidan

Olam

image

AQSH Eron bilan olib borilayotgan muzokaralar doirasida Turkiya bilan aloqalarni muvofiqlashtirmoqda. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan A Haber telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Amerikaliklar bu jarayonni biz bilan muvofiqlashtirmoqda, biz muloqotdamiz. Shu bilan birga, biz bu haqda eronliklarni ham xabardor qilib boryapmiz”, degan vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xabarlar almashinuvi Pokiston orqali amalga oshirilmoqda.

Fidanning aytishicha, muzokaralar ma’lum bir bosqichga yetgan. Turkiya ham AQSH, ham Eron bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazib, har ikki tomonning talab va kutishlarini tushunishga hamda ularga tegishli signal yetkazishga harakat qilmoqda.

Yaqin Sharqdagi vaziyat 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan keyin keskinlashdi. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazi davlatlaridagi ob’ektlarga, jumladan BAA, Saudiya Arabistoni va Bahraynga raketa hamda dron zarbalari berdi.

“Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya faol diplomatik ish olib borib, Eron zarbalariga uchragan arab davlatlarini mojaroga bevosita harbiy aralashmaslikka chaqirmoqda.

Anqara arab davlatlarining urushga qo‘shilishi butun mintaqaviy urushga olib kelishidan xavotirda va vositachi sifatida AQSH ittifoqchilarini javob zarbalaridan tiyishga harakat qilmoqda. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bir necha bor vaziyatni yumshatishga chaqirgan edi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Eron AQSH bilan kelishuvga erishmoqchi, ammo buni ochiq aytishdan cho‘chiyotganini bildirdi. Uning aytishicha, muzokaralar davom etmoqda.

Avvalroq, Tramp Tehron bilan aloqalarni “juda yaxshi” va samarali deb baholagan, biroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon buni rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari Donald Trampning Eron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish niyatidan xavotirdaligi haqida xabar berilgandi. Ular bunday kelishuv oqibatida mintaqada g‘azabnok va hamon qudratli raqib bilan yuzma-yuz qolishdan qo‘rqmoqda va harbiy harakatlarni davom ettirishni talab qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Pokiston Hoqon Fidan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing