AQSH va Isroil Al-Aqso masjidi ustidan nazorat o‘rnatmoqchi

Olam

image

AQSH va Isroil Iordaniyaning Quddusdagi Al-Aqso majmuasi ustidan tarixiy vasiylik huquqini bekor qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu haqda “Middle East Eye” xabar berdi.

Ushbu reja oqibatida Iordaniyaning Quddusdagi diniy boshqaruvdagi roli kamayishi va uning o‘rnini Isroil manfaatlariga yaqinroq yangi kelishuv egallashi mumkinligi aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, taklif AQSH Prezidentining kuyovi, sobiq maslahatchi Jared Kushner hamda AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi tomonidan ilgari surilgan. Rejaga ko‘ra, Iordaniya tomonidan boshqariladigan “Vaqf” tashkiloti vakolatlari bekor qilinib, uning o‘rniga Isroil hukumati tomonidan yangi boshqaruv organi tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu yangi tizim Al-Aqso majmuasini “ko‘p dinli markaz” sifatida e’lon qilishi va yahudiylarga ham kengroq kirish hamda jamoaviy ibodat qilish imkonini berishi mumkinligi aytilmoqda.

Shuningdek, Isroil tomoni masjid imomlari, xutbalar va diniy rahbarlar tayinlanishida ham katta ta’sirga ega bo‘lishi mumkinligi bildirilgan.

Manbalaraga ko‘ra, AQSH tomonidan tayyorlangan hujjatda Al-Aqsoning musulmonlarga tegishli diniy maqomini o‘zgartirib, uni barcha “Ibrohimiy dinlar” vakillari tashrif buyuradigan sayyohlik maskaniga aylantirish taklifi ham mavjud.

Xabarlarda aytilishicha, Bahrayn, Misr, Marokash va BAA bu taklif haqida xabardor qilingan. Saudiya Arabistoni esa mazkur tashabbusga qarshi chiqqan.

Iordaniya tomoni esa bu rejani keskin tanqid qilib, Al-Aqso ustidan Hoshimiylar vasiyligi mintaqaviy barqarorlikning asosiy kafolati ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Iordaniya parlamenti ham Isroilning Al-Aqso atrofidagi yer va islomiy mulklarni nazorat qilishga urinishlarini qoralagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil rasmiylari Eron bilan davom etayotgan harbiy mojaro sabab Al-Aqso masjidida juma namozini ham bekor qilgandi.

Shuningdek, aholisi asosan musulmon bo‘lgan 8 davlat, jumladan, Turkiya, Misr, Iordaniya, Indoneziya, Pokiston, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari Ramazon oyida musulmon ibodat qiluvchilarining Al-Aqso masjidiga kirishiga qo‘yilgan cheklovlarni qoralagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Al-Aqso Quddus nazorat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing