Turkiyadagi maktablar politsiya nazoratiga olindi

Olam

image

Turkiyada Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasi bilan mamlakatdagi maktablarda politsiya tomonidan nazorat olib borilishi belgilandi. Bu haqda bugun, 16 aprel kuni Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi va Xalq ta’limi vaziri Yusuf Tekin ishtirokida o‘tkazilgan majlisda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Qahramonmarashdagi maktabga qilingan hujum fonida zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi provokativ Telegram-guruhlar yuzasidan tekshiruv boshlangan. Mazkur tekshiruvlar naqtijasida Isroil bayrog‘i ostida tashkil etilgan va 100 ming faol a’zoga ega bo‘lgan “S31K” nomli Telegram-guruh aniqlangan. Undagi suhbatlarda otishma sodir etgan shaxslar, yangi hujumlar uchun joy va sana ham borligi ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng 940 ta Telegram-akkauntga cheklov qo‘yilgan, 93 ta Telegram-guruh yopilgan va 83 nafar gumonlanuvchiga nisbatan hibsga olish qarori chiqarilgan.

Shuningdek, Qahramonmarashda qurolli hujum uyushtirgan o‘quvchining uyida o‘tkazilgan tintuv davomida uning shaxsiy kompyuteri va mobil telefoni kabi raqamli qurilmalari musodara qilingan. O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida gumonlanuvchining kompyuterida yaqin orada katta miqyosdagi hujumni amalga oshirishi qayd etilgan hujjat aniqlangan. Mavjud dalillarga ko‘ra, ushbu harakatning hech qanday terrorchilik tashkilotiga aloqasi aniqlanmagan va hodisa gumonlanuvchi tomonidan yakka tartibda amalga oshirilgan, degan dastlabki xulosaga kelinmoqda.

Shonliurfa va Qahramonmarashdagi voqealar butun Turkiyani sergak tortishga majbur qilmoqda. Sababi, o‘xshash voqealarning keti uzilmayapti. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda “Navbat Ahmad Oltikulach litseyiga” sarlavhali xabar tarqalib, unda Turkiyaning Tokat viloyatida 11-sinf o‘quvchisi Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi tomonidan qo‘lga olingani aytilgan.

Shuningdek, Zonguldak viloyatida 17 yoshli litsey o‘quvchisi sinfning WhatsApp guruhiga maktabga hujum qilishi haqida xabarlarni yuborgan. Shundan so‘ng u ham uyida uyushtirilgan operatsiya davomida qo‘lga olingan. O‘tkazilgan tintuvda 6 dona to‘pponcha o‘qi (bo‘sh patron) topilgan. Uning avval sinfda portlovchi buyum sabab maktabdan chetlatilgani ham aniqlangan.

Ushbu voqealardan so‘ng Turkiya hukumati maktablarda xavfsizlik va qo‘riqlash tizimini yanada oshirdi. Mamlakatdagi barcha maktablarning kirish qismida ikki nafardan politsiya xodimi nazoratda turadigan bo‘ldi. Shuningdek, Gaziantep viloyati Politsiya boshqarmasi xodimlari o‘quvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida maktablar atrofida dronlar yordamida nazorat ishlarini boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab nazorat politsiya qurolli hujum Qahramonmarash Zonguldak Tokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing