Eronda rejim o‘zgaradimi yoxud Tramp va Netanyahu o‘z maqsadiga erisha oladimi?
Tahlil
−
06 mart 4953 8 daqiqa
O‘tgan qisqa vaqt bir narsani, Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘limi butun rejim o‘zgarishini anglatmasligini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning 28 fevral kuni Isroil harbiylarining AQSH qurolli kuchlari bilan hamkorlogida bo‘lib o‘tgan operatsiyalar oqibatida Eron Oliy rahbari halok bo‘ldi. Malakatni 36 yil davomida boshqarib kelgnan, 86 yoshli Xomanaiyning o‘limidan asosiy maqsad amaldagi Eron rejimining ustunini yo‘q qilish edi. Buni qarangki bir ustundan ayrilgan mullarlar hokimiyati juda qisqa fursat ichida uning o‘rnini to‘ldirishga erishmoqda.
AQSH va Isroil nima istaydi?
Eronga hujumlar boshlangan bir vaqtda AQSH rahbari Donald Trampning e’lon qilingan 8 daqiqalik nutqida ko‘proq rejimni qulatishga aososiy urg‘u qaratgan edi. Xomanaiy va uning atrofidagi bir qator yuqori obro‘li shaxslarni o‘ldirish orqali amaldagi rejimni qulatishga ishongan Tramp, bu harakatlarni “Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash” deb ta’rifladi.
“Bizning maqsadimiz juda qattiqqo‘l va dahshatli odamlardan iborat yovuz guruh bo‘lgan Eron rejimidan yaqinlashib kelayotgan tahdidlarni bartaraf etish orqali Amerika xalqini himoya qilishdir”, dedi Tramp.
U nutqda, shuningdek, Eronning yadroviy dasturi va mintaqadagi agresiv siyosati sababli AQSHning harbiy choralar ko‘rishga majbur ekanligini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday “qora tarix”ga ega davlatning yadro quroliga ega bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
“Ushbu hujumdan so‘ng, biz ularni hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lishga qaratilgan yovuz niyatlarini davom ettirmaslik haqida ogohlantirdik va bir necha bor kelishuvga erishishga harakat qildik”, deydi u.
AQSH Isroil bilan qo‘shma havo hujumlarini davom ettirar ekan, Benyamin Netanyahu boshchiligidagi Isroil hukumati ham bu urushni uzoq yillik strategiyaning mantiqiy davomi – Eronda rejimni ichkaridan qulatish siyosatining yakuni sifatida talqin qilmoqda. Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi ortidan efirga uzatilgan Isroil Bosh vaziri Netanyahu Eron xalqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, fors tilida ularni ko‘chalarga chiqishga, rejimni ag‘darishga chaqirdi. U hatto mamlakatga yo‘llanayotgan raketa hujumlarini “siz kutgan yordam”, deb talqin qilgan.
Biroq raqamlar boshqacha gapirmoqda. Havo hujumlari oqibatida 555 dan ortiq inson halok bo‘lgani, ular orasida janubdagi qizlar maktabida o‘lgan 180 nafar bola borligi aytilmoqda. “Tinchlik” shiori ostidagi bombalar har doim ham tinchlik olib kelmasligi tarixda ko‘p bor isbotlangan.
“Isroil rasmiylari buni aniq aytmayapti, ammo ular Eronda rejim o‘zgarishini ko‘rishni istayotganlari aniq. Men Tel-Avivda qolib ketdim va ko‘p vaqtimni mahalliy boshpanada isroilliklar bilan o‘tkazyapman. Meni hayratga solgani – bu yerda, asosan liberal qarashdagi isroilliklar orasida urushni kuchli qo‘llab-quvvatlash mavjudligi. Ular, o‘z rahbarlari kabi, agar Eron rejimi qulatilsa, Yaqin Sharq butunlay yaxshi tomonga o‘zgaradi, deb ishonishadi. Bu esa, albatta, bema’nilik”, deb yozadi Londondagi King‘s College Harbiy tadqiqotlar departamenti katta o‘qituvchisi Aron Bregman.
AQSH va Isroil Eron jamiyati bugun murakkab davrni boshidan kechirayotganini, tarqoqlik va noroziliklar girdobiga tushib qolganini yaxshi biladi. So‘nggi yillarda ko‘chalarga chiqqan namoyishchilar monarxiyani tiklashdan tortib to to‘liq demokratik tizimgacha turli talablarni ilgari surgan. Mamlakatdagi kurdlar muammosi ham Tehronning zarariga ishlamoqda. Mana shunday muammoli vaziyatda Eron elitasini yo‘q qilish namoyishchilarga ko‘mak bo‘lishi mumkin degan g‘oya bilan mana shu urush boshlangan bo‘lishi mumkin.
Rejim o‘zgarishidan nima foyda?
Yaqin Sharq yana tarixiy burilish yoqasida turibdi. Eronda rejim o‘zgarishi ehtimoli haqida gap-so‘zlar kuchayar ekan, savol tug‘iladi: bundan AQSH va Isroil nimani ko‘zlamoqda? Masala faqat siyosiy bayonotlar yoki bir martalik harbiy operatsiya bilan cheklanmaydi. Gap mintaqaning kelajakdagi siyosiy arxitekturasi haqida ketmoqda.
Birinchi va eng muhim omil shubhasiz xavfsizlikdir. Eron hozirgi siyosiy tuzilmasi bilan Isroil uchu mavjudlik masalasi darajasidagi tahdid sifatida ko‘riladi. Falastin va G‘azoning yagona himoyachisi obrazidagi Tehron Netanyahu ma’muriyatining asosiy muammolaridan biridir. Bundan tashqari, Tehronning Hizbulloh va Hamas kabi tuzilmalarga ko‘magi Isroil chegaralari atrofida doimiy bosim muhitini yaratgan. Agar Eronda hokimiyat almashsa va yangi hukumat tashqi agressiv strategiyadan voz kechsa, Isroil o‘z xavfsizlik perimetrini sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin.
Ikkinchi muhim jihat albatta yadroviy dasturdir. Nafaqat Vashington va Tel-Avivni balki butun dunyoni bu masalada birlashtirib turgan asosiy nuqta ham shu, Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Tehronning yadroviy salohiyati kengayishi mintaqada qurollanish poygasini tezlashtirishi, boshqa yangi yadroviy dasturlarni paydo bo‘lishiga olib keladi. Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi mintaqaviy liderlikka da’vogar qator davlatlarda ham yadro quroliga qiziqish paydo bo‘ladi. Bu esa kichik davlatlar o‘rtasida ham yadroviy muvozanatga nisabatn xavotirga sabab bo‘ladi. Rejim o‘zgarishi, o‘zgarganda ham AQSH va Isroilning “nog‘orasiga o‘ynaydigan” shaxsning hokimiyat tepasiga kelishi Eronni yadro dasturidan voz kechishiga imkon beradi. Bu AQSH uchun global xavfsizlik diskursida muhim diplomatik yutuq bo‘lishi mumkin.
Eronning do‘stlari masalasi ham AQSH va Isroilning asosiy bosh og‘rig‘i bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda Eron Rossiya va Xitoy bilan yaqinlashib, G‘arbga qarshi kayfiyat shakllanishida muhim bo‘g‘inga aylandi. Agar Tehron siyosiy kursini o‘zgartirsa, AQSH Yaqin Sharqda yo‘qotayotgan strategik ustunligini qisman tiklashi mumkin. Bu esa nafaqat harbiy, balki iqtisodiy va diplomatik frontda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
To‘rtinchi jihat — energetika va bozorlar. Eron ulkan neft va gaz zaxiralariga ega. Sanksiyalar va turli cheklovlarga qaramay Ero neftining juda katta qismi AQSHning raqibi – Xitoyga eksport qilib kelinmoqda. Xomanaiyning o‘rniga “qo‘g‘irchoq” hukmdorning kelishi Vashingtonning Pekin energetika tizimiga bergan jiddiy zarbasi bo‘ladi. Bundan tashqari neft zaxiralari bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turuvchi Eronda ta’sirga ega bo‘lish, dunyoning energetika bozoridagi narx-navoni nazorat qila olish imkoni deganidir.
Ammo bu ssenariylarning barchasi nazariy. Garchi rejim o‘zgarishi AQSH va Isroil uchun strategik foydalar va’da qilishi mumkin bo‘lsada, ammo Erondek ulka tarix vaommaviy psixologiyaga ega davlatda rejim o‘zgartirish turli kutilmagan holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Nega rejim qulamasligi mumkin?
Tarix shuni ko‘rsatadiki, tashqi bosim ostida yuz bergan rejim almashinuvi ko‘pincha salbiy oqibatlarga olib keladi. Beqarorlik, ichki parokandalik yoki yanada radikal kuchlarning hokimiyatga kelishi ehtimolini ham rad etib bo‘lmaydi. 90 millionga yaqin aholiga ega, murakkab siyosiy va etnik tuzilishga ega Eronni “qayta sozlash” oddiy geosiyosiy operatsiya emas. Uni “bir zarba bilan yangilashga” urinish, nafaqat mamlakatni balki butun mintaqani yanada chuqurroq notinchlik girdobiga tortishi mumkin.
Haqiqatdan ham Eron xalqining katta qismi amaldagi boshqaruvdan norozi edi. Buni so‘nggi o‘n yillikda sodir bo‘lgan norozilik namoyishlarining soniga qarab ham ko‘rish mumkin. “Qo‘zg‘olonlar tashqi ta’sirlar oqibatida shakllantirilgan” degan konsperalogik fikrlar rost bo‘lgan taqdirda ham, bunday keng ko‘lamli namoyishlarga odamlarni chiqarish uchun rostakamiga muammo kerak.
Ammo Ramazon oyida qilingan raketa zarbalari va Xomanaiyning o‘ldirilishi ortidan jamiyatning muayyan qismi hukumat atrofida jipslasha boshladi. Rejimni zaiflashtirish maqsadida boshlangan operatsiya jamiyatni aksincha konsolidatsiya qilmoqda, tashqi tahdid fonida milliy birdamlikni kuchayishi yuz bermoqda. Barcha musulmonlar uchun muqaddas oyda, mamlakatdagi eng ulug‘ inson sifatida ko‘rilgan Oyatullohning o‘ldirilishi butun xalqda nafrat va shahidlik kayfiyatini shakllantirdi. Bu esa tashqi aralashuv orqali ichki inqilobni “tezlashtirish” g‘oyasining qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari mamlakat ichkarisida ham hokimiyat tez sur’atda almashmoqda. Qariyb qirq yil davomida mamlakatni “temir musht” bilan boshqargan tajribali rahbarning rasman e’lon qilingan vorisi yo‘q bo‘lsada, uning o‘g‘li, 56 yoshli Mujtabo Xomanaiy, mamlakatning yangi rahbarini tanlash uchun mas’ul bo‘lgan Ekspertlar kengashi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, Eron oliy rahbari lavozimiga saylandi.
Xomanaiyning ikkinchi o‘g‘li Mujtabo sahna ortida katta ta’sirga ega ekanligi bilan mashhur edi. U mamlakatdagi eng qudratli harbiy tuzilma — Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va “Basij” ko‘ngillilar otryadi bilan mustahkam aloqalarga ega. 1980–1990 yillarda Mujtabo “ko‘rinmas askar” sifatida faoliyat yuritgan. Ko‘plab eronlik siyosatchilardan farqli ravishda, u ommaviy chiqishlardan chetda bo‘lib, faoliyatini soyada olib borgan. U Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va maxsus xizmatlar tizimida tajriba orttirgan. 2000 yillar o‘rtalaridan boshlab u “kuch bloki”ni nazorat qilgani, armiya, dengiz va havo kuchlari ustidan otasiga ko‘mak bergani aytiladi.
Bundan tashqari tarixiy travmalar oqibatida shakllangan Eron xalqining ommaviy psixologiyasi hokimiyat tepasiga AQSHga yon bosuvchi shaxsning kelishiga imkon bermaydi. 1953 yilda demokratik yo‘l bilan saylangan bosh vazir Muhammad Mussodiqning ag‘darilishi va bu jarayonda G‘arb maxsus xizmatlarining roli Eron kollektiv xotirasida chuqur iz qoldirgan. Bu voqea Eron elitalari ongida bitta qat’iy xulosani mustahkamladi: tashqi aralashuv — milliy suverenitet uchun doimiy tahdid. 1979 yilgi Islom inqilobi esa aynan shu kayfiyat fonida yuz berdi va “G‘arbga qaramlik” siyosiy jinoyat darajasiga ko‘tarildi.
Bugungi tizim markazida turgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi nafaqat harbiy, balki iqtisodiy va mafkuraviy tayanch hisoblanadi. Ularning mavjudligi shuni anglatadiki, hokimiyat tepasiga keladigan har qanday yangi rahbar real kuch markazlari bilan hisoblashishga majbur. Bu esa keskin geosiyosiy burilishni deyarli imkonsiz qiladi.
Eron jamiyati murakkab. Noroziliklar bor, iqtisodiy muammolar bor, yosh avlod o‘zgarish istaydi. Ammo o‘zgarish istagi avtomatik tarzda G‘arbparastlik degani emas. Eron milliy ongida mustaqillik tushunchasi g‘oyat muhim. Hatto hukumat tanqidchilari orasida ham “tashqi kuchlar orqali o‘zgarish” g‘oyasiga shubha bilan qarovchilar ko‘p.
Shu bois tez sur’atdagi ichki almashinuvlar Eronning tashqi siyosatini tubdan o‘zgartiradi, degan qarash noto‘g‘ri. Rahbarlar o‘zgarishi mumkin, fraksiyalar joyini almashtirishi mumkin,ammo tarixiy xotira, xavfsizlik apparati va geosiyosiy real sharoitlar fonida Eron rahbarining ochiqchasiga AQSHga yon bosishi — siyosiy jihatdan deyarli o‘z joniga qasd qilish bilan barobar. Yaqin Sharq esa hissiyot bilan emas, og‘ir tarix va sovuq hisob-kitob bilan boshqariladi. Eron taqdiri faqat va faqat eronlilklar qo‘lida.
Live
Barchasi