AQSH va Ukraina 800 mlrd dollarlik shartnoma imzolashi mumkin
Olam
−
10 yanvar 3008 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil yanvar oyining oxirida 800 milliard dollarlik shartnoma imzolashi mumkin. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, bitim 19-23 yanvar kunlari Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida imzolanishi taxmin qilinmoqda. Kelishuvga muvofiq, 800 milliard dollar mablag‘ o‘n yil davomida Ukrainani qayta tiklash va uning iqtisodiyotini ishga tushirish uchun yo‘naltiriladi. Zelenskiy bu kelishuv iqtisodiy tiklanishni ta’minlashi, ish o‘rinlarini qayta yaratishi va hayotni Ukrainaga qaytarishini aytmoqda.
Nashrning yozishicha, hujjat xususiy kompaniyalar tomonidan ushbu mablag‘larni jalb qilish maqsadida kreditlar, grantlar va investitsiya imkoniyatlari seriyasiga yo‘l ochib beradi. Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, dasturga dunyodagi eng yirik investitsiya guruhi – BlackRock ham qo‘shiladi. Kelishuv tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.
“Bloomberg”ning xabar berishicha, Ukraina yetakchisi mamlakatni tiklash bo‘yicha choralar paketi doirasida AQSH bilan erkin savdo to‘g‘risidagi ehtimoliy kelishuvni ham muhokama qilayotganini bildirgan. Zelenskiyning aytishicha, tashabbus, xususan, Vashington bilan savdoda nol boj stavkalarini joriy etishni ko‘zda tutadi.
Ukraina va AQSH o‘rtasida erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvni tezlashtirish masalasi avvalroq, 2025 yil dekabr oyining oxirida Floridada Zelenskiy va Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, tinchlik rejasi doirasida muhokama qilingan. Shuningdek, Zelenskiy Ukrainaga 50 yil muddatga xavfsizlik kafolatlari berish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bu taklifni o‘ylab ko‘rishga va’da bergan.
Live
Barchasi