AQSH Venesuelada ulkan tankerni qo‘lga oldi 

Olam

image

AQSH Venesuela sohillari yaqinida yirik neft kemasini qo‘lga oldi. Bu haqda ikki nafar amerikalik amaldor “Reuters” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

Manbalarning aytishicha, operatsiyani AQSH Sohil qo‘riqlash xizmati amalga oshirgan. Tankerning nomi va aniqlangan joyi oshkor etilmagan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp operatsiyani tasdiqlagan. 

“Harbiylar Venesuela qirg‘oqlarida juda katta tanker, juda ulkan, ilgari hech qachon qo‘lga olinmagan darajadagi eng yirik kemani qo‘lga oldi”, deya o‘z hayratlarini yashirmagan Tramp. 

Ushbu qo‘lga olish AQSHning mintaqadagi harbiy mavjudligi ortib borayotgan bir paytda ro‘y berdi. Noyabr o‘rtalariga kelib, hududda joylashtirilgan amerikalik harbiylar soni 15 ming nafarga yetdi.

2020 yil bahorida AQSH Adliya vazirligi Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va respublikaning bir qator yuqori martabali amaldorlarini “narkoterrorizm”da ayblagan edi.

2025 yil kuzida Karib mintaqasidagi keskinlik AQSH tomonidan amalga oshirilgan bir qator raketa hujumlaridan keyin oshdi. Vashingtonning ta’kidlashicha, hujum qilingan kemalar narkokartellar kontrabanda uchun foydalanayotgan transport vositalari bo‘lgan.

Sentyabr boshidan beri Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismidagi xalqaro suvlarda 20 dan ortiq operatsiya o‘tkazildi, oqibatda 80 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Tramp bu harakatlarni “narkokartellarga qarshi urush” deb atadi. BMT ekspertlari esa bu hujumlarni noqonuniy qatl, ya’ni sudsiz jazo sifatida baholadi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oy Venesuela kuniga 900 ming barrel neft eksport qilgan. Neft – bu davlatning asosiy daromad manba. Mamlakatda tasdiqlangan zaxiralar 303 mlrd barrelni tashkil etadi. Bugungi kunda Amerika sanksiyalari Venesuelaning neft sanoatini jiddiy cheklab, davlat byudjetining daromadlarini qisqartirmoqda. 

Venesuelada Qurolli kuchlarga safarbarlik e’lon qilingan. Maduro AQSHni tinchlikka chaqirmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Southern Spear qo‘shma operativ guruhi Tinch okeanida narkotik tashiyotgan yana bir kemaga hujum uyushtirilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Donal'd Tramp neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing