Lukashenko AQSHga “meteozondlar”ga qarshi kurashishni va’da qildi
Olam
−
12:23 2199 2 daqiqa
Belaruslik Aleksandr Lukashenko AQSH Prezidentining maxsus vakili Jon Koul bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida “meteozond” deb ataluvchi parvozlarning Belarus–Litva chegarasi orqali o‘tishini to‘xtatish uchun “qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga” va’da berdi. Bu haqda muzokaralarning ikkinchi kuni – kecha, 13 dekabr kuni Jon Koulning o‘zi ma’lum qildi.
“Meteozondlar” deganda Belarus hududidan Litvaga sigaretalarni kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tish uchun qo‘llaniladigan havo sharlari nazarda tutiladi. Litva Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri Belarus tomondan Litva havo hududiga bunday havo sharlarining kirib kelishi bo‘yicha yuzlab holatlar qayd etilgan.
Kuz oylarida meteozondlar bevosita Vilnyus va Kaunas xalqaro aeroportlariga yaqinlasha boshladi, bu esa mazkur aeroportlarda bir necha bor parvozlarga cheklovlar joriy etilishiga sabab bo‘ldi. Shu fonda Litva hukumati oktyabr oyi oxirida Belarus bilan quruqlik chegarasini vaqtincha yopdi. Bunga javoban Belarus hukumati Litva davlat raqamidagi yuk mashinalarining Yevropaga chiqishini chekladi. Noyabr oyida esa chegara yana ochildi.
Biroq shundan so‘ng Litvaga meteozondlarning ommaviy uchib kirishi yana qayta boshlandi. 9 dekabr kuni Litva shu sababli butun mamlakat hududida favqulodda holat rejimini joriy etganini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqida Litva aeroportlari faoliyatining Belarus tomondan uchirilgan havo sharlari orqali izdan chiqarilishini Minsk va Moskva tomonidan G‘arb davlatlariga qarshi olib borilayotgan gibrid operatsiyaning bir qismi, deb hisoblashmoqda.
Dekabr oyi boshida Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Belarus tomonidan Litvaga qarshi amalga oshirilayotgan gibrid hujumlarga javoban yangi sanksiyalar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. U Belarus hududidan uchirilayotgan havo sharlarining kirib kelishini “butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb atab, Litva bilan “to‘liq hamjihatlik” bildirgan.
Live
Barchasi