AQSH Venesuelani ayab o‘tirmoqchi emas. Tramp zarba berishni buyurdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylar Venesuelada quruqlikdagi operatsiyani boshlashga hozirlik ko‘rayotganini bildirdi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 2 dekabr kuni hukumat yig‘ilishida so‘z ochdi.

Trampga ko‘ra, endi zarbalar nafaqat dengizdan, balki quruqlikdan ham beriladi. 

“Biz endi quruqlikdan ham zarbalar bera boshlaymiz. Bu ancha oson. Ular qaysi yo‘llardan foydalanishini bilamiz. Ular haqida hamma narsani bilamiz. Qayerda yashashlarini bilamiz. Yovuzlar qayerda yashashini bilamiz va biz juda yaqin orada boshlaymiz”, degan AQSH yetakchisi. 

AQSHning Venesuelaga qarshi harbiy kampaniya boshlashi haqida bir necha haftadirki gap ketmoqda. Amerika harbiy kemalari uzoq vaqt davomida Venesuela hududiy suvlari yaqinida turibdi. Vashington buni narkokartellarga qarshi kurashish va AQSHga giyohvand moddalar kirib kelishini oldini olish bilan izohlab keladi.

“Buni qilayotgan va uni bizning mamlakatimizda sotayotgan har qanday odam hujumga uchraydi”, degan Tramp. 

Joriy yilning 29 noyabr kuni Tramp Venesuela ustidagi havo makoni “to‘liq yopilgan” deb e’lon qildi, ammo tafsilotlarni keltirmadi.

21 noyabr kuni AQSHning bir necha oy davom etgan bosimi ortidan Tramp va Maduro o‘rtasida 15 daqiqa telefon suhbat bo‘lib o‘tgan. Unda Tramp Maduruga bir hafta ichida mamlakatni tark etib, oilasi bilan istalgan joyga borish bo‘yicha ultimatum qo‘ygan.

Xabarga ko‘ra, Maduro katta murosalarga tayyor bo‘lgan. U agar o‘zi va yaqinlariga to‘liq huquqiy amnistiya berilsa, mamlakatni tark etishga rozi bo‘lgan. 

Tramp Maduroning aksariyat talablarini rad etgan va unga qochish uchun bir hafta vaqt borligini bildirgan. Ultimatum muddati 28 noyabr kuni tugagan. Maduro esa mamlakatni tark etmagan va o‘z lavozimida qolishda davom etmoqda. 

Avgust oyida AQSH Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 million dollar mukofot e’lon qilgan edi. Tramp uni qonuniy prezident deb tan olmaydi va saylov natijalarini soxtalashtirilgan deb hisoblaydi.

AQSHning harbiy bosimi kuchaygan bir paytda, Maduro Rossiya, Xitoy va Eronni Venesuela mudofaasini mustahkamlashga chaqirgan. 

OAV ma’lumotiga ko‘ra, Maduroning Vladimir Putinga yozgan xatida havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash – Su-30 qiruvchilarini ta’mirlashdan tortib radarlar va tegishli raketalarni yetkazib berish bo‘yicha yordam so‘ralgan.

22 oktyabr kuni Rossiya Venesuela bilan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova bu qarorni sharhlab, Moskva Karakas bilan yaqin aloqada ekanini va “mavjud hamda potensial tahdidlarni hisobga olib”, Venesuelaning murojaatlariga javob berishda davom etishini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Respublikachi senator Markveyn Mallin CNN efirida ko‘rinish berib, AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroga ixtiyoriy ravishda mamlakatni tark etish hamda Rossiyaga borishni taklif bergani haqida aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Donal'd Tramp Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing