NASA'ning bo‘lajak rahbari Oyda baza qurishga va’da berdi

Bu qiziq

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan NASA ma’muriyati rahbarligiga ko‘rsatilgan nomzod, amerikalik milliarder va xayriyachi Jared Isaakman Oyda doimiy baza qurishni maqsad qilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, NASA Oyga muntazam parvozlar va qo‘nishlarni arzonroq hamda barqaror qilish uchun yangi avlod dvigatellari ustida ishlamoqda. Isaakmanning so‘zlariga ko‘ra, bu borada bir yoki ikki yirik tijorat hamkorining ishtiroki katta ahamiyatga ega. Xususan, SpaceX va Blue Origin kompaniyalari Artemis dasturining muhim bo‘g‘ini sanaladi.

Isaakman Senat yig‘ilishida Oyni tadqiq qilish loyihasining muvaffaqiyatini ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi.

“Menimcha, Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Oyda qurilayotgan bazani ko‘rganda nihoyatda mamnun bo‘ladi. Men ushbu loyihaning muvaffaqiyati uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman,” dedi u.

Senatorlar undan aniq va’dalar berish borasida ehtiyotkor bo‘lishni so‘raganida, Isaakman Oy tadqiqotlari insoniyatning navbatdagi ulkan qadami bo‘lishini, doimiy baza esa ushbu missiyaning mantiqiy davomi ekanini aytdi.

Ma’lumot o‘rnida, AQSHning Oyga qaytish dasturi Artemis 2022 yil noyabr oyida uchuvchisiz Artemis-1 missiyasining omadli parvozi bilan boshlangan. Orion kosmik kemasi Oy atrofida aylanish bo‘yicha barcha asosiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.

Artemis-2 – odam boshqaradigan ilk parvoz. U 2026 yilga rejalashtirilgan. Ekipaj Oy atrofida aylanadi, biroq qo‘nmaydi.

Artemis-3 – 2027 yilda Oy yuzasiga qo‘nish rejalashtirilgan asosiy missiya. Unda amerikalik astronavtlar, jumladan, birinchi ayol astronavt Oyga qadam qo‘yishi kutilmoqda.

Artemis-4 – 2028 yilda Oy orbitasida barpo etilayotgan Gateway kosmik stansiyasiga to‘rt kishilik ekipaj uchiriladi. Missiya Gateway'ni kengaytirish va keyingi qo‘nishlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq.

Biroq AQSH auditorlik organlari bir necha bor raketa tizimlari, qo‘nish va Gateway modullarini yaratishdagi texnik kechikishlar tufayli dastur muddatlari cho‘zilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

NASA va tijorat hamkorlari Oyda uzoq muddatli ilmiy baza barpo etishni insoniyatning Marsga uchish yo‘lida muhim qadam deb bilishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Oy tuprog‘idan g‘isht quyuvchi qurilma ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi. Qurilma quyosh energiyasidan quvvat oladi. Maxsus parabolik reflektor quyosh nurlarini to‘playdi, ular optik tolali kabel orqali erish nuqtasiga uzatiladi. Qurilmani ishlab chiqqan Dell Space Experiment Laboratory (DSEL) ma’lumotlariga ko‘ra, bu tizim Selsiy bo‘yicha 1000 darajadan yuqori haroratgacha qiziydi va quyosh nurini 3000 marta kuchliroq fokuslaydi. Bu Oy sirtini qoplaydigan regolit – bo‘shashgan toshni eritib, uni kuchli g‘ishtlarga aylantirish uchun yetarli.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oy NASA Isaakman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing