AQSHda Qosim Sulaymoniyning qarindoshlari hibsga olindi

Olam

image

Kecha, 3 aprel kuni kechqurun AQSHda 2020 yilda o‘ldirilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) “Al-Quds” elita bo‘linmasi qo‘mondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniyning jiyani – Hamida Sulaymoniy Afshar va uning qizi hibsga olindi. Davlat kotibi Marko Rubio ularni doimiy qonuniy rezident (LPR) maqomidan mahrum qildi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirda ikkalasi ham AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) hibsxonasida saqlanmoqda. Bundan tashqari, Afsharning turmush o‘rtog‘iga AQSHga kirish taqiqlangan. Davlat departamenti OAV xabarlariga va Afsharning ijtimoiy tarmoqlardagi, xususan, Instagram’dagi izohlariga tayanib, uni Eronning “totalitar, terrorchi rejimi” tarafdori deb atamoqda va uni rejim targ‘ibotida ayblamoqda.

“AQSHda yashab u Eron rejimini targ‘ib qilgan, Yaqin Sharqdagi Amerika askarlari va harbiy ob’ektlariga qilingan hujumlarni nishonlagan, Eronning yangi Oliy rahnamosini ulug‘lagan, Amerikani “Buyuk shayton” deb atagan va terrorchi tashkilot deb tan olingan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Afshar Sulaymoniy yaqinda o‘chirilgan Instagram akkauntidagi tez-tez joylab turgan postlaridan ko‘rinib turganidek, Los-Anjelesda hashamatli hayot kechirib, Eron terrorchi rejimi manfaati yo‘lida ushbu targ‘ibotni olib borgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Qosim Sulaymoniy IIQKning xorijiy operatsiyalar uchun mas’ul bo‘lgan “Al-Quds” maxsus kuchlari bo‘linmasiga rahbarlik qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil yanvar oyida Qosim Sulaymoniy Bag‘dod xalqaro aeroportida Amerika dronlarining zarbasi oqibatida o‘ldirilgan edi. Operatsiyaga AQSH Prezidenti Donald Tramp buyruq bergan. Bir necha kun o‘tib, 2020 yil 8 yanvar kuni Eron Amerika harbiylari joylashgan Iroqdagi ikkita harbiy bazaga javob tariqasida raketa zarbalari bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Qosim Sulaymoniy Al-Quds

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing