AQSH sulh fonida Eron janubiga zarba berdi

Olam

image

AQSH harbiylari sulh rejimi saqlanib turgan bir paytda Eron janubidagi raketa qurilmalari va harbiy katerlarga zarba berdi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi vakili kapitan Tim Xokinsning aytishicha, hujumlar “o‘zini himoya qilish” maqsadida amalga oshirilgan.

“Bugun AQSH kuchlari Eron harbiylari tahdididan qo‘shinlarimizni himoya qilish uchun Eron janubida mudofaa zarbalarini berdi. Nishonlar raketa uchirish qurilmalari va minalar o‘rnatishga uringan Eron katerlari bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.

AQSH tomoni sulh rejimi doirasida “o‘zini tiyish siyosati” davom etayotganini ta’kidlagan.

Nashr manbasiga ko‘ra, AQSH harbiylari Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli Hormuz bo‘g‘oziga mina qo‘ymoqchi bo‘lgan ikki kemani yo‘q qilgan.

Shuningdek, Eronning Bandar-Abbos portidagi zenit-raketa majmuasiga ham zarba berilgan. AQSH ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tizim Amerika harbiy samolyotlarini nishonga olgan.

“Fox News” jurnalisti Jennifer Griffinning yozishicha, AQSH zarbalari hozircha yakunlangan va ular hujumkor emas, mudofaa xarakterida bo‘lgan.
Eronning “Tasnim” agentligi manbalari Bandar-Abbosda uchta portlash ovozi eshitilganini bildirgan.

AQSH va Eron o‘rtasida aprel boshida e’lon qilingan sulh rejimi amal qilmoqda. Keyinchalik Prezident Donald Tramp uni noma’lum muddatga uzaytirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashgani haqida xabar berilgandi. Hujjat imzolansa, Eron Hormuz bo‘g‘ozini darhol qayta ochadi va 30 kun ichida dengiz qatnovini urushdan oldingi holatga qaytarish choralarini ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Bandar-Abbos Jennifer Griffin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing