AQSHda sport jamoasi aviahalokatga uchradi
Sport
−
04 may 5097 1 daqiqa
AQSHning Texas shtatida piklbol jamoasini olib ketayotgan yengil samolyot halokatga uchradi. Oqibatda besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hokimiyatga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, fojia joriy yilning 30 aprel kuni Ostindan taxminan 64 km uzoqlikda joylashgan Uimberli hududida sodir bo‘lgan. Cessna 421C samolyoti Amarillodan uchib, Nyu-Braunfelsga yo‘l olgan edi.
Samolyot bortida “Amarillo” piklbol klubi a’zolari ham bo‘lgan. Ular piklbol musobaqasida ishtirok etish uchun yo‘lga chiqqan edi. Klub vakili Den Dayerning aytishicha, yana bir samolyot ham bir vaqtning o‘zida Amarillodan uchib, manzilga eson-omon yetib borgan.
AQSH Milliy ob-havo xizmati ma’lumotiga ko‘ra, halokatdan oldin Nyu-Braunfels hududida ob-havo asosan bulutli bo‘lgan, taxminan ikki soatdan so‘ng esa momaqaldiroq kuzatilgan.
Ma’lumot uchun, piklbol – badminton, tennis va stol tennisi elementlarini birlashtirgan sport turi hisoblanadi.
Live
Barchasi