AQSHda o‘zbekistonlik terrorchilikda ayblanmoqda
3-sahifa
−
18 noyabr 7035 2 daqiqa
AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) 31 yoshli o‘zbek muhojiri A.B.ni terrorchilik ishlarida aloqadorlikda gumon qilgan holda hibsga oldi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2022 yilda O‘zbekistonda terrorchilik tashkilotiga aloqadorlikda gumon qilinib, qidiruvga berilgan. Fuqaroga internet orqali terrorchilik propagandasini tarqatish va jihodga chaqirish hamda odamlarni bu harakatga jalb qilish ayblari qo‘yilgan.
ICE ma’lumotlariga ko‘ra, A.B. 2023 yilning fevralida AQSHga noqonuniy tarzda kirgan. Chegara patruli uni o‘sha paytda to‘xtatgan, keyinchalik esa qo‘yib yuborgan. So‘ngra u AQSHda ishlashga ruxsat olib, tijoriy haydovchilik guvohnomasini olgan. Joriy yilning 9 noyabr kuni u Kanzas shtatida yuk mashinasi haydovchisi sifatida ishlayotgan paytda ICE xodimlari tomonidan hibsga olingan.
Hibsga olish AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati davrida immigratsiyaga oid tijoriy haydovchilik huquqlarini berishda nazoratni kuchaytirish choralari bilan bog‘liq. Bu chora Floridada xorijiy haydovchi tomonidan sodir etilgan halokatli yo‘l-transport hodisasidan keyin joriy qilingan edi. O‘sha vaqtda 28 yoshli Hindiston fuqarosi yo‘l qoidalarini buzgan holda yuk mashinasi bilan harakatlanib, boshqa transport vositasini urib, uch kishining hayotiga nuqta qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtati rasmiylari muhojir haydovchilar ruxsat etilgan muddatdan uzoqroq ishlayotgani bois, ularga berilgan 17 mingta tijorat haydovchilik guvohnomasini bekor qilishi haqida xabar berilgandi. Rasmiylarning aytishicha, Kaliforniyada haydovchilik guvohnomasi va ish ruxsatnomasining amal qilish muddati bir xil bo‘lishi shart. Joriy yilning 6 noyabr kuni haydovchilarga 60 kun ichida guvohnomalari muddati tugashi haqida ogohlantiruvchi maktublar yuborilgan.
Live
Barchasi