AQSHda yosh bolalar orasida nikotindan zaharlanish ko‘paydi

Olam

image

AQSHda 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida nikotin bilan zaharlanish holatlari keskin oshdi. Bu haqda Amerika Pediatriya akademiyasining “Pediatrics” jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib, NBC News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2010–2023 yillar oralig‘ida AQSH toksikologik markazlariga 134 663 ta shunday murojaat bo‘lgan. Ushbu holatlarning deyarli barchasi uy sharoitida sodir bo‘lgan. Eng ko‘p holatlar nikotinli paketlar (Zyn brendi) va veyplar suyuqliklari bilan bog‘liq. 2020 yilda har 100 000 bola hisobiga 0,48 ta holat to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 4,14 taga yetgan – bu 763 foizlik o‘sish degani. 

Nikotinli paketlar tamaki tarkibiga ega emas, ammo har birida 6 milligrammgacha kuchli nikotin bo‘ladi. Mevali yoki yalpizli ta’mi bolalarni o‘ziga tortadi, ustiga-ustak, mahsulotlar himoyalovchi qadoqlarsiz sotiladi. 

Mutaxassislar nikotinli mahsulotlarni bolalar ko‘rmaydigan, ocholmaydigan joyda saqlash kerakligi, ota-onalar esa farzandlari bilan ochiq suhbat qilishi muhimligini ta’kidlamoqda. Chunki ba’zan o‘smirlar ham bu mahsulotlardan yashirincha foydalanishi mumkin. Toksikologlar ota-onalarga zaharlanish holatida tez yordam chaqirishni tavsiya qiladi.

Ma’lumot uchun, nikotin o‘ta zaharlidir. U yurak urishini tezlashtiradi, qon bosimini ko‘taradi, ko‘ngil aynishi, qusish, hatto hushdan ketish va nafas olishda qiyinchilikka olib keladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati mamlakatda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishini ma’qullagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh nikotin elektron sigareta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing