AQSHdagi xosiyatsiz shouda ikki samolyot to‘qnashib ketdi (video)
Olam
−
09:32 2483 1 daqiqa
AQSHning Aydaxo shtatidagi Mauntin-Xoum aviabazasi hududida o‘tkazilgan Gunfighter Skies aviashousi vaqtida osmonda ikki qiruvchi samolyot to‘qnashib ketdi. Bu haqda “ Idaho Statesman” xabar berdi.
Boeing EA-18G Growler rusumidagi ikki harbiy samolyot namoyish parvozi vaqtida aviabazadan taxminan 3 kilometr shimoli-g‘arbida to‘qnashgan.
Hodisadan keyin osmonda to‘rtta parashyut ko‘ringan, voqea joyidan esa qora tutun ko‘tarilgan. Ko‘p o‘tmay tomoshabinlarga ekipaj a’zolari muvaffaqiyatli katapulta qilingani, barcha to‘rt uchuvchi topilgani va xavfsiz ekani ma’lum qilindi.
Mauntin-Xoum aviabazasi ma’muriyati hodisa joyida qutqaruv xizmatlari ish olib borayotgani va tergov boshlanganini bildirdi.
Shundan so‘ng aviashou bekor qilindi. Mahalliy politsiya aholidan aviabaza tomon bormaslikni so‘ragan.
Nashrning yozishicha, Gunfighter Skies aviashousi so‘nggi sakkiz yilda ilk bor o‘tkazilayotgan edi. 2018 yilda bo‘lib o‘tgan so‘nggi shou paytida deltaplan uchuvchisi halok bo‘lgan.
2025 yil noyabrida esa Dubai Airshow vaqtida HAL Tejas qiruvchi samolyoti halokatga uchrab, uchuvchi vafot etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya janubi-g‘arbidagi Limburgerxofda (Reynland-Pfals federal yeri) yengil motorli samolyot qulashi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi