AQSHdagi masjidda o‘smirlar terakt uyushtirdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
09:01 4204 2 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Diyego okrugidagi masjidga hujum uyushtirildi va oqibatda uch nafar erkak halok bo‘ldi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumni amalga oshirganlikda gumonlanayotgan 17 va 18 yoshli ikki o‘smir voqeadan keyin masjiddan bir necha kvartal naridagi avtomashina ichida o‘z joniga qasd qilgan.
Hodisa nafrat asosida sodir etilgan jinoyat sifatida tergov qilinmoqda.
O‘qqa tutilganlardan biri masjid qo‘riqchisi bo‘lgan. Politsiya fikricha, u “yanada kattaroq hujumning oldini olishda hal qiluvchi rol” o‘ynagan.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, voqeadan bir oz oldin o‘smirlardan birining onasi politsiyaga murojaat qilib, o‘g‘li, bir nechta qurol va avtomashinasi yo‘qolganini bildirgan.
Hodisaga AQSH Prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirib, otishmani “dahshatli holat” deb atagan va hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan.
Shtat gubernatori Gevin Nyusom halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan.
“Dunyo bo‘ylab ibodat qiluvchilar o‘z hayotidan qo‘rqmasligi kerak. Kaliforniyada nafratga o‘rin yo‘q va biz diniy jamoalarga qarshi terror yoki qo‘rqitish harakatlariga toqat qilmaymiz”, degan u.
Bu okrugdagi eng yirik masjid hisoblanadi. Markaz tarkibida Al-Rashid maktabi ham faoliyat yuritadi. U yerda besh yoshdan katta o‘quvchilar uchun arab tili, islomshunoslik va Qur’on darslari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistondagi masjidda bomba portlagandi. Hodisa oqibatida 30 nafardan ortiq odam halok bo‘lgan.
Live
Barchasi