AQSHdagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Jamiyat

image

Avvalroq, AQSHdagi bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar noqonuniy ko‘cha poygalarida qatnashgani uchun, keyinroq esa yana bir necha o‘zbekistonliklar yirik miqdorda tovar o‘g‘irlagani uchun qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holatlar ortidan O‘zbekiston Respublikasining Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ogohlantirish bilan chiqdi.

“Bosh konsulxona Amerika Qo‘shma Shtatlari hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakat qonunchiligiga qat’iy rioya qilishga, mahalliy qonunlar, an’analar, madaniyat va umumqabul qilingan jamoatchilik xulq-atvor qoidalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, fuqarolardan har qanday qonunbuzarlik shaxsiy javobgarlikka sabab bo‘lishi hamda bu kabi holatlar aksariyati qonunga itoatkor bo‘lgan, halol mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va O‘zbekistonni xorijda munosib tarzda namoyon etayotgan butun o‘zbek jamoatchiligi haqidagi tasavvurga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yodda tutish so‘ralgan.

“Ushbu masala yirik xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari o‘tkazilayotgan davrda ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etadi, zero bu vaqtda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston va uning fuqarolariga bo‘lgan e’tibori yanada ortadi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyor ekani qayd etilgan. Bundan tashqari, barcha o‘zbekistonliklardan mas’uliyatli bo‘lish, qonun talablariga rioya qilish hamda huquqiy oqibatlarga olib kelishi yoki O‘zbekiston va o‘zbekistonliklarning xorijdagi obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilish so‘ralgan. 

“O‘zaro hurmat, mas’uliyat va qonunlarga rioya qilish O‘zbekiston hamda vatandoshlarimizning Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi ijobiy imijini mustahkamlashga bundan buyon ham xizmat qilishiga ishonamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, AQSHning Ohayo shtati Sinsinnati shahrida noqonuniy ko‘cha poygalari va avtomobil shoulari bilan bog‘liq reyd davomida 6 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingandi. Oradan ko‘p o‘tmay o‘zini mafiya a’zolaridek tutishga urinib AQSHning shimoli-sharqiy qismidagi omborxonalardan 4,5 million dollarlik qimmatbaho pishloqlar, sigaretalar va boshqa tovarlarni o‘g‘irlagan bir guruh o‘zbekistonliklar ushlangani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh N'yu-York ogohlantirish Bosh konsulxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing