AQSHga bo‘ron va tornado yopirildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
11 mart 3279 1 daqiqa
AQSHning Illinoys va Indiana shtatlariga kuchli bo‘ron va tornado yopirildi. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘ldi, bir necha kishi jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tabiiy ofat ba’zi hududlarda uylarni vayron qilgan. Chikago janubidagi favqulodda yordam xizmatlari qo‘ng‘iroqlar ko‘pligidan haddan tashqari yuklama bilan ishlamoqda. Kecha, 10 mart kuni sodir bo‘lgan bo‘ron oqibatida 10 ga yaqin odam jabrlangan. To‘fon daraxtlarni qulatgan va elektr uzatish liniyalarini uzib yuborgan. Leyk-Villij shahrida mahalliy Family Dollar do‘koni va yoqilg‘i quyish shoxobchasi vayron bo‘lgan.
Milliy meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘rta G‘arbning ba’zi qismlarida kuchli tornadolar, vayronkor shamollar va yirik do‘l kuzatilgan. Bugun, 11 mart kuni ertalab Illinoys, Indiana, Kentukki va Ogayo shtatlarining ayrim hududlarida tornado xavfi haqida ogohlantirish amal qilgan.
Mahalliy hukumat aholidan qo‘shnilari va yaqinlaridan xabar olishni hamda safarlardan tiyilishni so‘ramoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 6 mart kuni Michigan va Oklaxomada yuz bergan tornadolar oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatidagi Serra-Nevada tog‘lari hududida yuz bergan qor ko‘chkisi oqibatida 9 nafar chang‘ichi bedarak yo‘qolgandi.
Live
Barchasi