Allamjonov yangi lavozimga tayinlandi

Jamiyat

image
Endi O‘zbekiston rezidentlari AQSHda korxona tashkil qila oladi north_east

Endi O‘zbekiston rezidentlari AQSHda korxona tashkil qila oladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishi bilan Komil Ismoilovich Allamjonov maslahatchi-vakil – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Komil Allamjonov maslahatchi-vakil bo‘lish bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi lavozimidagi faoliyatini davom ettiradi.

Qayd etish joiz, 12 noyabr kuni e’lon qilingan “Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi joriy etilishi belgilangan. Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi kiritiladi. Maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi. Maslahatchi-elchi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.

Maslahatchi-elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • O‘zbekiston va AQSHda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish;
  • O‘zbekiston tomonidan Kengash ishini kompleks muvofiqlashtirish.

AQSH-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi ham tuzildi. Unga O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor hamraislik qiladi.

Ma’lumot uchun, Komil Allamjonov mamlakat siyosiy doirasidagi eng yosh amaldorlardan biri. U 1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.

Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘ldi. 2022 yil iyulda esa Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlangandi.

2024 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Komil Ismoilovich Allamjonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etilgandi. U faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qilgandi. Joriy yil iyun oyida Komil Allamjonov Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Komil Allamjonov Saida Mirziyoeva maslahatchi-vakil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing