Endi O‘zbekiston rezidentlari AQSHda korxona tashkil qila oladi
Jamiyat
−
12 noyabr 6606 2 daqiqa
O‘zbekiston rezidentlari O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan mablag‘larni AQSHda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablag‘ bilan to‘ldirish uchun erkin o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, bugun, 12 noyabr kuni Yuta shtatining (AQSH) Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan mazmunli uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekiston – AQSH munosabatlari rivojida yangi bosqich boshlangani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to‘g‘risidagi qarori ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Endilikda Prezident farmoni bilan Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilib, uni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, ushbu farmon asosida O‘zbekiston rezidentlari O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan mablag‘larni AQSHda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablag‘ bilan to‘ldirish uchun erkin o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
“Bu tadbirkorlarimizning tashqi iqtisodiy faolligini rivojlantirish, AQSH bilan investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi yangi imijini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Amerika Qo‘shma Shtatlari Yuta shtatining Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar va Stirling xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qilgandi.
Joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan va Markaziy Osiyo mamlakatlari Prezidentlari bilan birga C5+1 formatidagi sammitda qatnashgandi.
Keyinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimi joriy etilishi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi ma’lum qilindi.
Live
Barchasi