Amerikalik mashhur investor O‘zbekiston aksiyalarini sotib oldi 

Olam

image

Uzoq vaqtdan buyon Singapurda yashab kelayotgan amerikalik mashhur investor Jim Rojers hozircha Xitoy aksiyalarini sotmasdan ushlab turganini va O‘zbekiston kompaniyalarining aksiyalarini sotib olganini ma’lum qildi. Bu haqda u Rossiyaning RBK agentligiga bergan intervyusida gapirgan.  

Rojersning aytishicha, u hozirgi paytda Rossiya va AQSH aksiyalaridan farqli o‘laroq, Xitoy aktivlarini sotmagan. Shu bilan birga, investor bozorning qimmatliligini ko‘rib, ularni sotishni ham istisno qilmagan.  

“Mening portfelimda keng doirada Xitoy aksiyalari mavjud. Lekin takrorlayman, Xitoy bozori so‘nggi paytlarda deyarli to‘xtovsiz o‘sib bormoqda, shuning uchun yaqinda Xitoy aksiyalarini sotishimga to‘g‘ri kelishi mumkin, chunki hamma narsa o‘smoqda. Hozircha aniq qaror qila olmadim, nima qilishni o‘ylayapman”, degan u. 

2025 yil oxiriga yaqin Rojers o‘z investitsiya portfeliga noodatiy pozitsiya qo‘shgani, ya’ni O‘zbekiston kompaniyalarining aksiyalarini sotib olganini aytib o‘tgan. 

“Men birjada sotilayotgan aksiyalarning ko‘pchiligini sotib oldim – ularning soni ko‘p emas va men ularning deyarli hammasini olganman”, degan investor. 

Ma’lum qilinishicha, hozir O‘zbekistonning “Toshkent” fond birjasida taxminan 85 kompaniya aksiyalari muomalada. Bu kompaniyalar orasida bank, neft-gaz, telekommunikatsiya va boshqa sektorlarga oid aksiyalar mavjud. 

Manbaga ko‘ra, Rojersning portfelida faqat O‘zbekiston emitentlarining aksiyalari mavjud, davlat obligatsiyalari esa yo‘q. 

Amerikalik investor 2021 yildayoq “Forbes” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston fond bozoriga qiziqishini aytgan, ammo uning bildirishicha, Rojers o‘sha paytda bu yurisdiksiyada aktivlarga egalik qilmagan.

“O‘zbekiston nihoyat postsovet davridagi yangi rahbar – Shavkat Mirziyoyevga ega bo‘ldi. Ular juda tez sur’atlarda zamonaviy iqtisodiyotga aylanishga harakat qilmoqda. Garchi, g‘arbda hanuz keng tanilmagan bo‘lsa ham, men Yangi O‘zbekistonning katta muxlisiman. Ilgari mamlakat deyarli diktatura tarzida boshqarilgan, ammo yangi hukumat nima qilayotganini bilmoqda. So‘nggi bir necha yil ichida erishilgan yutuqlar tahsinga loyiq”, deya intervyu bergan u.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yaqin uch yil ichida O‘zbekiston Amerikaga qariyb 35 milliard dollar, kelgusi o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston Jim Rojers

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing