Andijondagi “tozalash”da qidiruvdagi 30 kishi ushlandi (video)
3-sahifa
−
22 fevral 2025 7091 2 daqiqa
Andijon viloyatida olib borilgan “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarida 106 ta jinoiy, 596 ta ma’muriy, jami 702 ta holat aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
117 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 633 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. 39 ta jinoyat fosh etilib, 30 nafar qidiruvdagi shaxs ushlandi. 1123 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi. Qo‘lga olingan jinoiy guruh va shaxslardan 4,5 kilogramm giyohvandlik vositalari, 1453 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, 24 ta noqonuniy qurol, 478 dona tig‘li buyumlar olinib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Shuningdek, tezkor tadbirda 2006 va 2002 yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular o‘zaro til biriktirib, 1988 yilda tug‘ilgan ayolning shaxsiga doir ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish bilan qo‘rqitib, 5000 dollar talab qilgan. Ushbu pullardan 2500 dollarini olgan vaqtida jinoiy guruh a’zolari ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yer resurslarini noqonuniy talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi. Xo‘jaobod tumanida yashovchi shaxs 2 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, evaziga 300 ming dollar talab qilgan. U kelishilgan puldan 50 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, 1967 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan shaxsning yashash uyi yerto‘lasida giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi. U 2 kilogramm 37 gramm marixuana hamda 86 dona kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini sotish maqsadini ko‘zlab, saqlab kelayotgani fosh etildi.
Shu bilan birga, tadbir davomida 2 nafar shaxs 2024 yilning avgust oyidan buyon Andijon shahridagi xonadonida moddiy manfaat evaziga 13 nafar voyaga yetmaganlarga noqonuniy diniy saboq berib kelayotgani aniqlandi.
Tadbirlar Andijon tumanida ham davom ettirildi. Ushbu tumanda yashovchi shaxs 1988 yilda tug‘ilgan shaxs 7 fuqaroga noqonuniy diniy saboq berib kelgan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda surishtiruv tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerni 2 mln 400 ming dollarga sotib yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.
Live
Barchasi