Andres Inesta firibgarlikda gumon qilinmoqda
Sport
−
11 noyabr 5020 2 daqiqa
Ispaniyaning “Barselona” jamoasi sobiq afsonasi Andres Inesta Peru prokuraturasi tomonidan firibgarlik ishi doirasida tergov ostiga olindi. Bu haqda “El Espanol” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ispaniyalik sobiq yarim himoyachi o‘ziga tegishli Never Say Never (NSN) kompaniyasi va uning Janubiy Amerikadagi sho‘ba korxonasi orqali bir nechta perulik investorlarga 600 ming dollardan ortiq zarar yetkazgan firibgarlik sxemasida gumon qilinmoqda.
Tergov materiallariga ko‘ra, Janubiy Amerikadagi sho‘ba korxona sport va madaniy tadbirlarni tashkil etish maqsadida katta sarmoya jalb qilgan, biroq ushbu loyihalarning aksariyati amalga oshmagan. E’lon qilingan tadbirlar orasida Peru va Ispaniya o‘rtasidagi afsonaviy o‘yin hamda K-pop festivali bo‘lib, ular rejalashtirilganiga qaramay, o‘tkazilmagan.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Inestaning jahon miqyosidagi obro‘-e’tibori mablag‘ jalb qilish va mahalliy hamkorlarni ishontirish uchun ishlatilgan. 2023 yil aprel oyida tashkil etilgan NSN Janubiy Amerika kompaniyasi keng hududiy kengayish strategiyasini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, amalda faqat bitta tadbir o‘tkazilgan. Bu esa kompaniyaning 2024 yil iyunida bankrot bo‘lishiga olib kelgan.
Peru hukumati kompaniyani olingan mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim etmaganlikda ham ayblamoqda. Kompaniya egasi Andres Inesta hozircha bu ayblovlarga rasman izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq biatlon bo‘yicha 10 karra jahon chempioni – fransiyalik sportchi Jyulya Simon firibgarlik aybdor deb topilib, uch oylik shartli qamoq jazosi hamda 15 ming yevro jarimaga tortilgan edi.
Live
Barchasi