Angliyada VAR qoidalari o‘zgarishi mumkin
Sport
−
03 mart 1370 2 daqiqa
Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) murabbiylarga milliy ligalardagi bahsli hakamlik qarorlariga e’tiroz bildirish imkonini beruvchi tizimni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, FA AQSH milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) va milliy xokkey ligasi (NFL)da qo‘llaniladigan tizimga o‘xshash “chellenj” usulini joriy etmoqchi.
Rejaga ko‘ra, murabbiylarga bahsli vaziyatni video orqali ko‘rib chiqishni so‘rash uchun ikki martagacha imkoniyat beriladi. Agar hakamning dastlabki qarori takroriy ko‘rishdan so‘ng o‘zgarmasa, murabbiy bitta imkoniyatdan mahrum bo‘ladi.
Murabbiylar qoidabuzarliklar yoki qo‘l bilan o‘ynash kabi sub’ektiv epizodlar bo‘yicha so‘rov bildirishlari mumkin bo‘ladi. VAR esa faqat ofsayd kabi ob’ektiv qarorlar uchun ishlatiladi.
“So‘rov”ni boshlash uchun murabbiy to‘rtinchi hakamga signal beradi. Shundan so‘ng VAR bahsli vaziyatni ko‘rib chiqib, xulosasini bosh hakamga yetkazadi. FA hozircha ushbu tajriba qaysi liga darajasida va qachon boshlanishini ma’lum qilmagan. Rejani amalga oshirish to‘liq VAR infratuzilmasini talab qilgani sababli, uni quyi ligalarda joriy etish qiyin bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, VAR tizimi Angliya Premer-ligasida 2019-2020 yilgi mavsumdan boshlab qo‘llanila boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq APL 2026-2027 yilgi mavsumdan boshlab vaqtni behuda sarflashga qarshi FIFA’ning yangi qoidalari kuchga kiritmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi