APLda 7-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi
Sport
−
06 Oktabr 1675 4 daqiqa
Kecha, 5 oktyabr kuni Angliya Premer-ligasida 7-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Turda jadval peshqadami o‘zgardi. “Liverpul”ning “Stemford Bridj”dagi mag‘lubiyatidan so‘ng, Londonning “Arsenal” jamoasi jadval peshqadamiga aylanib oldi. “Manchester Citi” esa safarda minimal hisobdagi g‘alabaga erishdi.
“Bornmut” 3 – 1 “Fulxem”
“Fulxem” dastlab Rayan Sessenonning goli orqali hisobni ochdi, ammo “Bornmut” ikkinchi bo‘limda to‘liq ustunlikni qo‘lga oldi. Antuan Semeno ikki bor gol urdi. Jastin Klyuyvert esa uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan g‘alabani mustahkamladi. “Bornmut” tezkor qarshi hujumlar orqali raqibni ortda qoldirdi.
“Lids Yunayted” 1 – 2 “Tottenxem”
“Elland Roud” stadionida mehmonlar faol o‘yin ko‘rsatdi. Matis Tel dastlab hisobni ochdi, Mohammed Kudus esa asist va keyinchalik gol muallifi bo‘ldi. “Lids” Noa Okafor orqali javob qaytardi, ammo “Tottenxem”ning ishonchi o‘yini yakunda jamoaga g‘alaba keltirdi.
“Arsenal” 2–0 “Vest Xem Yunayted”
Mikel Arteta jamoasi to‘liq nazoratni saqlab, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bukayo Saka va Deklan Raysning gollari “Arsenal” ga g‘alaba keltirdi. Martin Edegor tizzasidan jarohat olib maydonni tark etdi. “Arsenal” umumiy o‘yin sifati va intizom jihatidan juda kuchli ko‘rindi.
“Manchester Yunayted” 2–0 “Sanderlend”
“Old Trafford” stadionida “Yunayted” yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Meyson Maunt 8-daqiqada hisobni ochdi, Benyamin Sheshko 31-daqiqada ikkinchi golni uradi. “Sanderlend”da bir necha imkoniyatlar bo‘ldi, ammo “Yunayted”ning himoyasi va yangi darvozaboni ishonchli harakat qildi.
“Chelsi” 2–1 “Liverpul”
Turning markaziy uchrashuvi “Stemford Bridj”da kechdi. Moyses Kaysedo 14-daqiqada uzoqdan zarba bilan hisobni ochdi. “Liverpul” Kodi Gakpo orqali hisobni tenglashtirdi, ammo 90+5-daqiqada 18 yoshli Estevan yaqin masofadan gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Bu “Liverpul” uchun ketma-ket uchinchi mag‘lubiyati bo‘ldi.
“Aston Villa” 2–1 “Byornli”
Doniell Malen ikki bor gol urib, jamoasiga muhim g‘alaba keltirdi. “Byornli” Lesli Ugochukvu orqali javob qaytardi, ammo “Villa” oxirgi daqiqalarda ustunlikni saqlab qoldi. Unai Emeri boshqaruvida jamoa so‘nggi haftalarda yaxshi formaga kirib oldi.
“Brentford” 0–1 “Manchester Siti”
Erling Holand 9-daqiqada hisobni ochdi va “Siti”ga muhim g‘alaba keltirdi. “Siti” butun o‘yin davomida nazoratini saqladi. “Brentford” ikkinchi bo‘limda faol harakat qildi, ammo gol ura olmadi. Abduqodir Xusanov bu o‘yinni jarohati sabab o‘tkazib yubordi.
“Everton” 2–1 “Kristal Pelas”
Daniel Munos 37-daqiqada “Kristal Pelas”ni hisobda oldinga chiqardi, ammo Iliman Ndiay penalti orqali vaziyatni tenglashtirdi. 90+daqiqada Jek Grilishning zarbasi g‘alabani ta’minladi. Bu “Kristal Pelas”ning 19 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi.
“Vulverxempton ” 1–1 “Brayton”
“Vulvs” bosh murabbiyi Vitor Pereyra 20-daqiqada qizil kartochka oldi. Shunga qaramay, jamoa hisobni ochdi, ammo “Brayton” 86-daqiqada Yan Pol Van Xekke orqali tenglashtirdi. “Vulverxempton” hali ham g‘alabaga erishmagan bo‘lsa-da, yaxshi kurash ko‘rsatdi.
“Nyukasl Yunayted” 2–0 “Nottingem Forest”
Bruno Gimarayns uzoqdan a’lo zarba bilan hisobni ochdi, keyin Nik Voltemade penaltidan ikkinchi golni urib, g‘alabani mustahkamladi. “Forest”da murabbiy Ange Postekogluga bosim ortib bormoqda, “Nyukasl” esa samarali o‘yin ko‘rsatib, yuqori o‘rinlarga yaqinlashdi.
Ma’lumot uchun, APLda yakunlangan tur uchrashuvlaridan so‘ng, “Arsenal” jamoasi 16 ochko bilan turnir jadvalida 1-o‘rinda bormoqda. Eng yaqin ta’qibchisi “Liverpul” esa 15 ochko to‘plagan holda 2-o‘rinni band etgan. 8-tur uchrashuvlari joriy yilning 18 oktyabr kuni start oladi.
Diyor Toshpo‘latov
Live
Barchasi