Sobiq prezidentning amakivachchasiga qotillik ayblovi qo‘yildi
Olam
−
11 may 5405 2 daqiqa
Joriy yilning 10 may kuni Suriya Oliy sudi mamlakatning ag‘darilgan rahbari Bashar Asadning amakivachchasi Atef Najibga nisbatan qotillik, qiynoqlar va qirg‘in uchun 10 ta jinoiy ayblov qo‘ydi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Atef Najib Damashqdagi to‘rtinchi jinoiy sud binosi qafasida, yo‘l-yo‘l qamoqxona kiyimini kiygan holda ko‘rinish bergan. Najib amakivachchasi Bashar Asad hibsga olingunga qadar mamlakat janubidagi Dava provinsiyasining Siyosiy xavfsizlik xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan.
Sud uni 2011 yilda Asad hukumatiga qarshi fuqarolar urushini qonli bostirish va fuqarolarga nisbatan noinsoniy qiynoqlarni joriy etishda ayblamoqda. 75 nafar fuqaro Najibga nisbatan da’vo arizasi bilan Oliy sudga murojaat qilgan va guvohlik bergan.
Sud majlisida jabrlanganlarning yaqinlari, o‘tish davri adolati bo‘yicha milliy komissiya a’zolari, shuningdek xalqaro huquqiy va gumanitar tashkilotlar vakillari ishtirok etgan.
Taxminan bir soat davom etgan ochiq majlisdan so‘ng sud ayrim guvohlarni himoya qilish maqsadida yopiq majlisga o‘tgan.
Mazkur sud jarayoni o‘tish davridagi Suriya hukumati uchun juda ahamiyatli bo‘lib, Asad davridagi yuqori lavozimli amaldorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha birinchi urinish.
2025 yilning yanvar oyida mamlakat ichki ishlar vazirligi bosh xavfsizlik kuchlari Latakiya viloyatiga yashiringan Atef Najibni “Asad oila a’zolarini hibsga olish kampaniyasi” doirasida qo‘lga olgan.
Latakiya viloyatidagi ushbu kampaniya doirasida Asadning boshqa bir amakivachchasi Sulaymon Hilol Asad isyonchilar tomonidan osib o‘ldirilgan. U Asad oilasi hukmronligi davrida akasi Rami Maxlufga tegishli Suriyadagi uyali aloqa kompaniyasi – “Syriatel”da rais o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya Bosh razvedkasi Bashar Asadning yana bir amakivachchasi Vasim Asadni qo‘lga olgani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi