Ash-Sharaga qilingan 2 suiqasd fosh etildi
Tahlil
−
11 noyabr 6790 4 daqiqa
Suriya ikkita terrorchilik hujumi orqali muvaqqat prezident Ahmad ash-Sharani o‘ldirishga urinish bo‘yicha “Islom davlati” (ISHID) guruhi rejalarini fosh etdi. Bu haqda ikki yuqori martabali amaldorga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu voqea mamlakat rahbarining uzoq yillar davomida kurashib kelayotgan shu guruhga qarshi AQSH boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilish rejalari fonida shaxsiy xavfni yanada oshirgan. Manbalardan biri – Suriya xavfsizlik xizmati vakili, ikkinchisi – Yaqin Sharqdagi yuqori lavozimli amaldor – ma’lum qilishicha, ash-Shara hayotiga suiqasd rejalari so‘nggi bir necha oy ichida fosh etilgan bo‘lib, ular 14 yillik fuqarolik urushida vayronaga aylangan mamlakatda hokimiyatni mustahkamlashga intilayotgan rahbar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidni ko‘rsatadi.
Manbalar aytishicha, hujum rejalaridan biri ash-Sharaning oldindan e’lon qilingan rasmiy tadbiri bilan bog‘liq bo‘lgan, ammo buning aniq tafsilotlari xavfsizlik sabablari bilan oshkor etilmagan. Suriya Axborot vazirligi bu ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi, ammo “Islom davlati” hali ham mamlakat va butun mintaqaviy xavfsizlikka “real tahdid” ekanini ta’kidladi.
“Suriya o‘z xalqini himoya qilish va terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashni davom ettirish majburiyatini tasdiqlaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ash-Shara va Tramp uchrashuvi arafasida fosh etilgan suiqasd rejalari
Bu xabarlar AQSH Prezidenti Donald Tramp do‘stona munosabatlar ichida ilk bor Suriya rahbarini – prezident Ahmad ash-Sharani – 11 noyabr kuni Oq uyda qabul qilish arafasida ma’lum bo‘ldi. Bu Suriya rahbarining tarixda ilk bor AQSH poytaxtiga rasmiy tashrifi bo‘ladi.

O‘tgan yilning dekabrida o‘zining qo‘zg‘olonchilar bilan Bashar Asad hokimiyatini ag‘darib hokimiyatga kelgan ash-Shara bugun o‘zini mo‘’tadil rahbar sifatida namoyon qilishga harakat qilmoqda. Uning umidi – Tramp bilan uchrashuv orqali xalqaro qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash va Suriyani qayta tiklash jarayonini boshlashdir.
Suriyaning ISHIDga qarshi AQSH boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilishi Asad rejimi davridagi Rossiya va Eron bilan yaqin ittifoqchilikdan G‘arb va arab davlatlari tomon bo‘lgan keskin geosiyosiy burilishni aks ettiradi.
Ash-Shara oldidagi asosiy vazifa esa hali ham og‘ir: mamlakatda sektalaro zo‘ravonlik hodisalari davom etmoqda, fuqarolar va xavfsizlik kuchlariga qilingan hujumlar uchun Damashq “Islom davlati”ni ayblamoqda.
ISHIDga qarshi uzoq yillik kurash
So‘nggi damlarda Suriya Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo‘ylab “Islom davlati” (ISHID) guruhiga qarshi keng qamrovli amaliyot boshladi. Davlat OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 70 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi.
Yuqori martabali suriyalik xavfsizlik manbasining aytishicha, bu harakatlar ISHID guruhi hukumat va mamlakatdagi ozchilik guruhlarga qarshi yangi hujumlar tayyorlayotgani haqidagi razvedka ma’lumotlariga javob sifatida amalga oshirildi. Shu bilan birga, amaliyot Suriya maxsus xizmatlarining guruh ichiga chuqur kirib borganini va mamlakatning AQSH boshchiligidagi koalitsiyaga qo‘shilishi jahon miqyosidagi terrorizmga qarshi kurashda muhim yutuq bo‘lishini ko‘rsatishga qaratilgan.
Ash-Shara va guruhlar ortidagi murakkab tarix
Hozirgi prezident Ahmad ash-Sharaa o‘tgan yili 11 kunlik tezkor harbiy yurish natijasida hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) deb atalgan qo‘zg‘olonchilar guruhini boshqargan. Bu guruh avvallar “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘limi hisoblangan edi.

Ash-Shara 2016 yilda “Al-Qoida” bilan aloqalarni uzdi va keyingi o‘n yil davomida “Islom davlati”ga qarshi qonli janglar olib bordi, ayniqsa Idlib viloyatidagi HTSH nazoratidagi hududlarda guruh hujayralariga qarshi keng qamrovli harbiy va xavfsizlik amaliyotlarini tashkil etdi.
ISHIDning qayta safarbarlik urinishi
Asad rejimi qulaganidan so‘ng “Islom davlati” Suriyada yana faollikni oshirishga harakat qilmoqda. Guruh Ash-Sharaning G‘arb bilan yaqinlashuvini va barcha diniy guruhlar manfaatini ifoda etuvchi hukumat qurish haqidagi va’dasini “islomga zid” deb ko‘rsatishga urinayotgani aytilmoqda.
Joriy yil iyun oyida Damashqdagi cherkovda sodir etilgan o‘zini portlatish hujumida 25 kishi halok bo‘ldi – hukumat bu hodisada ISHIDni aybladi, guruh esa hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
AQSH bilan hamkorlik va yangi harbiy masalalar
Bir necha suriyalik amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, Ash-Shara hukumati so‘nggi oylarda AQSH harbiylari bilan ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirmoqda. Biroq koalitsiyaga rasman qo‘shilish bu sheriklikni yanada kengaytirishi kutilmoqda.
Bu qadam Ash-Sharaning Vashingtonda ishonch qozonish va yil oxirigacha Suriyaga nisbatan qolgan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qildirish harakatining muhim qismi sifatida ko‘rilmoqda.
O‘tgan hafta “Reuters” xabar berishicha, AQSH harbiylari ilk bor Damashqdagi bir aerodromda doimiy baza ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Biroq AQSH ma’muriyati vakili bazaning aniq nomi va joylashuvi oshkor etilmasligini so‘ragan va bunga “operatsion xavfsizlik”ni sabab qilib ko‘rsatgan. Suriya davlat OAV bu xabarni “asossiz” deb rad etdi, ammo qaysi jihat noto‘g‘ri ekanini aniqlashtirmadi.
Live
Barchasi