Yaqin Sharqda yangi urush. Turkiya ham nishonga aylanyapti
Tahlil
−
12 mart 8472 13 daqiqa
AQSH va Isroilning xalqaro huquq normalariga zid ravishda boshlagan boshboshdoqliklari ortidan Yaqin Sharqda so‘nggi kunlarda yuz berayotgan harbiy va siyosiy keskinliklar mintaqadagi ko‘plab davlatlar qatori Turkiyani ham xavotirga solmoqda. Eronga qarshi harbiy operatsiyalar, Tehronning javob tahdidlari va raketa hujumlari ehtimoli tufayli ayrim davlatlar o‘z diplomatlarini mintaqadan olib chiqishni boshladi. Bu jarayon Turkiyaga ham ta’sir qildi: AQSH Davlat departamenti Adanadagi konsullik xodimlarining bir qismini evakuatsiya qilishga qaror qildi. Xavotir shundaki, agar mojaro kengaysa, Turkiya ham bevosita xavf zonasiga kirib qolishi mumkin.
Dastlabki hujum
Bularning barchasi joriy yilning 4 mart kuni Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan buyon ilk bor Turkiya osmonida Erondan uchirilgan deb taxmin qilinayotgan ballistik raketa yo‘q qilinishi ortidan boshlandi.
Turkiya Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Sharqiy O‘rta yer dengizida joylashgan NATOning havo va raketaga qarshi mudofaa kuchlari Erondan uchirilgan, Iroq va Suriya havo hududi orqali uchib o‘tgan va Turkiya tomon yo‘nalgan raketani darhol aniqlab, zararsizlantirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hatay viloyatining Dortyol tumaniga raketaga qarshi mudofaa tizimi parchalari tushgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Turkiya Mudofaa vazirligi mamlakat har qanday harakatga javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildirgan. Shuningdek, Anqara NATO va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashuvlarni boshladi.
Oradan bir kun o‘tib, 5 mart kuni Eron raketasi Turkiyaning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronning Ozarbayjonga qilgan hujumlarini qat’iy qoralab chiqdi.
Qolaversa, Turkiya Prezidenti ozarbayjonlik mavqedoshi Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot ham qilib, suhbat davomida davlat rahbarlari Naxichevon Muxtor Respublikasiga uyushtirilgan hujumni muhokama qilgan.
Prezident Erdo‘g‘an uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirilgan hujumni qoralab, Prezident Aliyevga hamda qardosh Ozarbayjon xalqiga hamdardligini bildirgan.
Urushga qarshi tayyorgarlik
6 mart kuniga o‘tib, Turkiyada ehtimoliy urush va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik doirasida 16 ta vazirlikda yangi Favqulodda holatlar va mudofaa rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimi joriy etildi va tayinlov amalga oshirildi. Unga ko‘ra, Milliy mudofaa vazirligidan tashqari barcha vazirliklarda Favqulodda holatlar va mudofaa rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimi joriy etilib, ushbu lavozimlarga rasmiy tayinlovlar amalga oshirilgan.
Mazkur bo‘limlar vazirliklarning tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlar hamda fuqarolik mudofaasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ular safarbarlik va urush holatiga oid rejalarning bajarilishini nazorat qiladi hamda vazirliklarni Favqulodda holatlar va ofatlar boshqaruvi boshqarmasi markazida vakillik qiladi.
Bundan tashqari, yangi tuzilma prezidentlik apparati va turli inqiroz markazlari o‘rtasida axborot almashinuvini ta’minlash vazifasini ham bajaradi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu qaror orqali davlat tizimi ichida inqiroz, tabiiy ofatlar va urush holatlariga tayyorgarlik jarayonlarini muvofiqlashtiradigan markazlashgan tizim shakllantirilmoqda.
Milliy mudofaa vazirligi esa ushbu sohaning asosiy ijrochi organi hisoblangani sababli yangi tuzilma tarkibiga kiritilmagan. Ma’lum qilinishicha, vazirliklar tarkibida Favqulodda holatlar va mudofaa rejalashtirish bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 2025 yil oktyabr oyida qabul qilingan. So‘nggi qaror bilan esa mazkur bo‘limlarga rasmiy tayinlovlar amalga oshirilgan.
Qolaversa, Turkiyada havo hududini himoya qilish maqsadida Patriot havo mudofaa tizimi Malatyaga joylashtirilishi ma’lum qilindi. Milliy mudofaa vazirligi buni Turkiya Qurolli kuchlari mamlakat va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qat’iy intilayotganligi bilan izohlagan. Bundan tashqari, NATO va ittifoqchilar bilan hamkorlik hamda maslahatlashuvlarda voqealarni baholashini bildirgan.
“Hududimizda yuz berayotgan so‘nggi voqealar fonida chegara va havo hududimiz xavfsizligini ta’minlash uchun zarur choralar ko‘rilmoqda, NATO va ittifoqchilarimiz bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Milliy darajada qabul qilingan choralarimizga qo‘shimcha sifatida NATO havo va raketa mudofaa choralari kuchaytirilgan. Havo hududimizni himoya qilishga yordam berish maqsadida Patriot tizimi Malatyaga joylashtirilmoqda. Mudofaa va xavfsizlik salohiyatini eng yuqori darajada saqlayotgan mamlakatimiz NATO va ittifoqchilarimiz bilan hamkorlik va maslahatlashuvlarda voqealarni baholashni, mintaqaviy tinchlik va barqarorlik uchun sa’y-harakatlarni davom ettirishni rejalashtirmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, bayonotda aytilishicha, Turkiya yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy barqarorlikni yoqlaydi va mamlakatga, havo hududiga qarshi har qanday tahdidga nisbatan barcha zarur choralar qat’iy va shubhasiz amalga oshiriladi. Turkiyaning bu boradagi ogohlantirishlariga rioya qilish har bir tomonning manfaatiga uyg‘un ekanligi eslatilgan.
Erdo‘g‘an mashvarat boshladi
E’tibor bering, 7 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ham ishtirok etdi. Garchand muzokaralarda asosiy mavzu nima bo‘lgani aytilmagan bo‘lsa-da, Baxtiyor Saidov har bir sohada yaqin hamkorlik qilish uchun eng mustahkam poydevor yaratilayotganini yozdi. Uning Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashuvida Yaqin Sharqdagi vaziyat va uning mintaqaviy oqibatlari bo‘yicha fikr almashilgani qayd etildi.
“Tinchlik va barqarorlikni ta’minlash manfaatlari yo‘lida mintaqadagi ziddiyatni muloqot va diplomatiya orqali hal etishga bo‘lgan umumiy sadoqatimizni tasdiqladik. Shuningdek, joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig‘ilishida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga qat’iy tayyorligimizni bildirdik”, deydi Saidov.
Avval Ozarbayjonga, keyin Turkiyaga boshlangan xurujlar fonida Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda muhokamalar mintaqaviy va global xavfsizlikka tobora ortib borayotgan tahdidlar hamda mamlakatlar o‘rtasida birdamlik va muvofiqlashtirishni mustahkamlashning muhimligiga qaratildi. Baxtiyor Saidov shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tashkilot doirasida amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishni va barqarorlik, o‘zaro bog‘liqlik va izchil rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan asosiy tashabbuslarni ilgari surishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Xavfsizlik kuchaytirildi
Turkiya Milliy mudofaa vazirligi Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarni hisobga olgan holda Shimoliy Kipr Turkiya Respublikasining xavfsizligini mustahkamlash maqsadida yangi choralar ko‘rilganini e’lon qildi. Mintaqadagi so‘nggi voqealar fonida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan bosqichma-bosqich rejalashtirish doirasida bundan boshlab mazkur hududga 6 dona F-16 qiruvchi samolyoti va havo mudofaa tizimlari joylashtirilgani, vaziyatni baholash natijasida zarur deb topilsa, qo‘shimcha choralar ham ko‘rilishi bildirildi.
Ma’lumot uchun, F-16 Fighting Falcon yengil ko‘p funksiyali qiruvchi samolyot bo‘lib, 2470 km/soat tezlikda uchishi mumkin va 15,240 m balandlikda parvoz qila oladi. U 20 mm to‘ppon, turli raketa va bombalar bilan jihozlangan bo‘lib, havo janglari, yerga hujum, razvedka va mudofaa tizimlari bilan integratsiyalashgan missiyalarni bajaradi.
Turkiy davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining norasmiy yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Erondan mamlakatga yo‘naltirilgan raketa haqida bayonot berib, bu mavzuda Eronni keskin ogohlantirdi. Vazir Turkiya oson provokatsiyaga beriladigan mamlakat emasligini va Erondan hech kim bunday mojarolarga aralashmasligini ta’kidlagan.
“Biz osongina provokatsiyaga beriladigan davlat emasmiz. O‘z xavfsizligimizni himoya qilishda hech qanday muammo yo‘q. Shu bilan birga, biz provokatsiyaga berilish va urushning domiga tortilish nima ekanligini ham juda yaxshi bilamiz. Biz Eron bilan muloqot qildik va aytdikki, agar bu raketa yo‘lini adashtirgan bo‘lsa, bu alohida masala. Lekin agar bu davom etadigan hodisa bo‘lsa, u bir marta bo‘ladi. Agar davom etadigan bo‘lsa, bizning maslahatimiz – diqqatli bo‘ling va bunday sarguzashtlarga Erondan hech kim aralashmasin. Chunki Turkiya shu vaqtgacha do‘stona munosabatlarini, barqarorlik va tinchlikni ta’minlashdagi prinsipial pozitsiyasini har doim namoyon qilib kelgan. Eron uzoq yillardan beri sanksiyalar ostida, turli qiyinchiliklarga duch kelgan, ammo Turkiya mintaqada o‘z prinsiplariga, qoidalariga sodiq, shaffof va barqaror harakat qilayotgan kam sonli davlatlardan biri bo‘lib qolgan”, degan Fidan.
Ammo, 9 mart kuni Eron tomonidan otilib, yana Turkiya havo hududiga kirgan ballistik raketa urib tushirildi. Turkiya Milliy mudofaa vazirligi bayonotida ma’lum qilinishicha, mazkur raketa Sharqiy O‘rta yer dengizida joylashgan NATO havo va raketa mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.
Ba’zi raketa qismlari Gaziantepdagi bo‘sh yerlarga tushgan. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yoki qurbon bo‘lganlar yo‘q.
“Turkiya yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga va mintaqaviy barqarorlikka katta e’tibor beradi. Shu bilan birga, mamlakatimiz hududi va havo hududiga qarshi bo‘lgan har qanday tahdidga qarshi zarur choralar qat’iyat bilan ikkilanmasdan ko‘rilishini yana bir bor ta’kidlaymiz. Turkiyaning ushbu ogohlantirishlariga rioya qilish har bir tomonning manfaatiga xizmat qilishini eslatamiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Eron raketasi Turkiya havo hududida urib tushirilgach, Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad Hasan Habibullohzoda Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Eron tomonidan uchirilgan va Turkiya havo hududiga kirgan ballistik raketaga nisbatan norozilik bildirilgan va voqea bo‘yicha tushuntirish berishi so‘ralgan.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqotida Turkiya havo hududining buzilishi qabul qilinmasligini aytib, Turkiya bunga qarshi barcha zarur choralarni davom ettirishini bildirgan. Shuningdek, Fidan barcha tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yishi va fuqarolarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishi kerakligini ta’kidlagan.
Vazir Aroqchi esa Turkiya havo hududiga yo‘naltirilgan raketalar Eronga aloqasi yo‘qligini va bu masala bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
Amerika diplomatlarni Turkiyadan chiqarmoqda
Tabiat qonunlariga ko‘ra, biror xavf-xatar yaqinlashayotganini bilsa, kemiruvchi va sudralib yuruvchilar u yerni birinchi bo‘lib tark etadi. Xuddi shunday bir baloni oldindan bilganday, AQSH Turkiyaning Adana shahridagi Bosh konsulligi xodimlari va ularning oilalari xavfsizligini saqlash maqsadida mamlakatdan evakuatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Mamlakatda ortib borayotgan Eron hujumlari sababli amerikalik xodimlarga ushbu hududda sayohat cheklovlari joriy qilingan. Xususan, janubi-sharqiy Turkiyadagi Adana, Adiyaman, Batman, Bingo‘l, Bitlis, Diyorbakir, Elazig‘, Gaziantep, Hakkari, Hatay, Ichel, Kilis, Qahramonmarash, Malatya, Mardin, Mush, Usmoniya, Siirt, Shonliurfa, Shirnak, Tunjeli va Van shaharlarida anti-AQSH va anti-Isroil kayfiyat kuchaygani bois sayohat qilmaslik tavsiya etilgan.
Shuningdek, janubi-sharqiy Turkiyada bo‘lgan amerikaliklar darhol tark etishga chaqirilgan. Adana Bosh konsulligi barcha konsullik xizmatlarini vaqtincha to‘xtatgani sababli yordamga muhtoj amerikaliklar Anqaradagi AQSH elchixonasi yoki Istanbuldagi Bosh konsullikka murojaat qilishi kerakligi aytilgan.
Erdo‘g‘an Pezeshkiyonga dakki berdi
Erondan Turkiyaga uchirilgan birinchi raketa voqeasidan bir hafta o‘tar- o‘tmas Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashdi va uni Turkiya havo hududini buzmaslikka chaqirdi.
Erdo‘g‘an Turkiya hech qanday ishtirok etmayotgan mojarolardan salbiy ta’sir ko‘rayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat havo hududining har qanday sabab bilan buzilishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi va Anqara bunday holatlarning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi.
Suhbat davomida Erdo‘g‘an Eron ishlariga noqonuniy aralashuvlarni Turkiya qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan, ammo mintaqadagi “birodar davlatlar”ni nishonga olish hech kimga foyda keltirmasligini va bunday harakatlar to‘xtatilishi kerakligini ta’kidlagan.
Turkiya rahbari, shuningdek Minobdagi maktabga qilingan hujum oqibatida, bolalar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Mujtabo Xomanaiyning Eronning yangi diniy rahbari etib saylanishi mintaqada tinchlik va barqarorlikka xizmat qilishiga umid bildirgan.
O‘z navbatida, Mas’ud Pezeshkiyon Turkiya havo hududiga kirib qolgan raketalar Eron hududidan uchirilmaganini bildirib, mazkur voqea yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazilishini va’da qilgan.
Hukumat yig‘ilishidan so‘ng qilgan chiqishida esa Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirdi.
“Eron rasmiylariga zarur ogohlantirishlar berildi. Ammo, samimiy ogohlantirishlarimizga qaramay, Turkiyaning do‘stligiga putur yetkazadigan, juda noto‘g‘ri va provokatsion qadamlar tashlashda davom etmoqda. Xalqimiz qalbi va ongida chuqur jarohatlar qoldiradigan, ming yillik qo‘shnichilik va birodarlik munosabatlariga soya soladigan yo‘lga kirilmasligi kerak. Turkiyaning o‘rni ham, pozitsiyasi ham aniq. Mojaro yanada kengaymasligi va yana ko‘proq qon to‘kilmasligi uchun ko‘rsatayotgan sa’y-harakatlarimiz ham hammaga ma’lum. Shu voqea doirasida yana bir bor aytaman – xato qilishda oyoq tirab olmasligi kerak. Biz voqealarni NATO va boshqa ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikda kuzatishda davom etamiz hamda xavfsizligimizni mustahkamlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘ramiz”, deydi Erdo‘g‘an.
U bayonotida “Ikki davlat – bir millat” shiori asosida Turkiya Ozarbayjon boshchiligida mintaqadagi qardosh davlatlar bilan ham birdamligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Turkiyada muxolifat tez-tez tanqid qiladigan yana bir masala – chegara xavfsizligi haqida ham to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Turkiya chegaralarida hech qanday jiddiy muammo yoki harakatlanish kuzatilmayapti.
Prezident chegaralarda, bojxona punktlarida va tegishli viloyatlarda profilaktik choralar kuchaytirilgani, davlat idoralari o‘rtasidagi vazifalar aniq belgilanganini ham aytgan. Zarurat tug‘ilganda ishga tushiriladigan reja, muvofiqlashtirish markazlari va tezkor choralar mexanizmlari ham tayyor holda ekanini ta’kidlagan.
Raqib, ammo ehtiyotkor qo‘shnilar
Turkiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar esa tarixiy jihatdan murakkab, ammo ehtiyotkor muvozanatga asoslangan. Ikki davlat Yaqin Sharqdagi eng qadimiy qo‘shnilardan biri bo‘lib, ularning chegarasi asrlar davomida deyarli o‘zgarmagan. 1639 yilda Usmoniylar imperiyasi va Safaviylar davlati o‘rtasida imzolangan Zuhob sulhi bugungi Turkiya–Eron chegarasining asosini yaratgan. Tarixchilar ta’kidlashicha, shu davrdan buyon ikki davlat o‘rtasida zamonaviy davrda to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush bo‘lmagan. Bu esa Yaqin Sharq kabi notinch hudud uchun kam uchraydigan holat hisoblanadi.
Biroq, bu ikki davlat o‘rtasida doimiy hamjihatlik mavjud degani emas. Turkiya va Eron ko‘pincha mintaqaviy ta’sir uchun raqobat qilib keladi. Ayniqsa, Suriya mojarosi bu qarama-qarshilikni yaqqol ko‘rsatdi. Turkiya Suriya muxolif kuchlarini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Eron Bashar Asad hukumatining asosiy ittifoqchilaridan biri edi. Shuningdek, Janubiy Kavkazdagi vaziyat ham ikki davlat o‘rtasidagi geosiyosiy raqobatni kuchaytirgan. Turkiyaning Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashi va mintaqadagi ta’sirini oshirishga urinishi Tehronda ehtiyotkorlik bilan kuzatiladi.
So‘nggi voqealar esa bu murakkab munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Eron bilan bog‘liq harbiy keskinlik fonida NATO tizimlari Turkiya havo hududiga yaqinlashgan raketalarni tutib olishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng Turkiyada havo mudofaasi tizimlari kuchaytirildi va ayrim harbiy ob’ektlarda xavfsizlik darajasi oshirildi. Bu esa mintaqadagi mojaroning Turkiyaga ham bilvosita ta’sir qilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ekspertlarning aksariyati Eronning Turkiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilish ehtimolini past deb hisoblaydi. Buning asosiy sababi Turkiyaning NATO a’zosi ekanidir. Agar Turkiya hududiga hujum qilinsa, NATOning kollektiv mudofaa mexanizmi ishga tushishi mumkin. Bu esa mojaroning global miqyosga chiqishiga olib kelish ehtimoli bor. Shuning uchun ham Eron uchun Turkiya bilan ochiq harbiy to‘qnashuv strategik jihatdan juda xavfli bo‘ladi.
Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy va energetik aloqalar ham mavjud. Turkiya Eron bilan savdo aloqalarini saqlab kelayotgan davlatlardan biri hisoblanadi. Energiya, transport va chegaraviy savdo sohalaridagi hamkorlik ikki davlatni to‘liq qarama-qarshilikdan tiyib turuvchi omillardan biri sifatida ko‘riladi.
Biroq, Turkiya ham vaziyatni ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Anqara uchun asosiy xavotirlardan biri – urushning kengayib ketishi ehtimoli. Agar Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro mintaqaviy urushga aylansa, bu butun Yaqin Sharq xavfsizligiga ta’sir qiladi. Turkiya uchun yana bir xavf – qochqinlar oqimi. Agar Eron ichida beqarorlik kuchaysa, millionlab odamlar Turkiya tomon yo‘l olishi mumkin.
Tehron ham, o‘z navbatida Turkiyadagi ayrim omillardan xavfsiraydi. Eng avvalo, Turkiya hududida NATO va AQSH harbiy infratuzilmasi mavjud. Adana yaqinidagi Incirlik aviabazasi NATOning muhim strategik ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Agar Eron bilan G‘arb o‘rtasidagi qarama-qarshilik kuchaysa, bu kabi harbiy ob’ektlar ham potensial nishonga aylanishi mumkin.
Shu sababli, Turkiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar ko‘pincha “raqib, ammo ehtiyotkor qo‘shnilar” sifatida tavsiflanadi. Ikki davlat mintaqada bir-birining ta’sirini cheklashga harakat qiladi, biroq ochiq harbiy to‘qnashuvdan qochadi.
Bugungi vaziyat esa bu murakkab muvozanatni sinovdan o‘tkazmoqda. Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik, G‘arb davlatlarining harbiy faoliyati hamda diplomatik evakuatsiyalar Yaqin Sharqdagi xavfsizlik muhitining qanchalik beqaror ekanini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, ko‘plab tahlilchilar Turkiya va Eron o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush ehtimoli hozircha past ekanini ta’kidlaydi.
Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, Yaqin Sharqdagi har qanday mojarolar tezda kengayib ketishi mumkin. Shu bois, Turkiya ham, Eron ham hozircha ehtiyotkor siyosat yuritib, ochiq qarama-qarshilikdan qochishga harakat qilmoqda. Mintaqadagi keyingi voqealar esa bu muvozanat qanchalik mustahkam ekanini ko‘rsatib beradi.
Live
Barchasi