Aviatsiya kuchlari va havo mudofaasini rivojlantirish kerak – Putin
Olam
−
27 noyabr 3191 3 daqiqa
Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti (KXSHT) doirasida aviatsiya kuchlari va havo himoyasi tizimini rivojlantirish masalalari alohida e’tibor talab qiladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 27 noyabr kuni Bishkekda Kollektiv xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Tashkilotning aviatsiya kuchlari va havo mudofaa tizimini rivojlantirish masalalari alohida e’tiborga loyiq, deb hisoblaymiz”, deya ta’kidladi Rossiya Prezidenti.
Bildirilishicha, Rossiya maxsus xizmatlar va harbiy bo‘linmalarni tayyorlash bo‘yicha qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ular orasida navbatdagi “Vzaimodeystviye”, “Eshelon”, “Poisk” mashg‘ulotlari ham bor.
“Tinchlikparvar kuchlarni jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ham ko‘p ish qilish lozim. Rossiyaning raisligi davridagi asosiy ustuvor vazifalardan biri KXSHTning harbiy sohada texnologik liderligini ta’minlashda davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdir. Ayniqsa, mudofaa-sanoat korxonalari kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratamiz”, dedi Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya KXSHTning kollektiv kuchlaridan zamonaviy harbiy tibbiyot yutuqlarini foydalanishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
“Albatta, ishtirokchi davlatlarga sanitar-epidemiologik barqarorlikni ta’minlashda, xavfli kasalliklar tarqalishining oldini olish va ularga javob choralarini ko‘rishda yordam berishni davom ettiramiz. 2021 yilda Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan bioxavfsizlik bo‘yicha koordinatsiya kengashi faoliyati samaradorligini oshirishga umid qilamiz”, dedi u.
Prezident Putinning ta’kidlashicha, KXSHTning keyingi yig‘ilishida ushbu sohadagi vaziyat haqida kengash rahbariyatining hisobotini eshitish zarur. Keyingi sammit esa 2026 yil 11 noyabrda Moskvada bo‘lib o‘tadi.
Uning aytishicha, Rossiya Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkilotiga raislik qilishi davrida tashkilotning yangi antiterroristik strategiyasini birgalikda tayyorlashni boshlash niyatida.
“Raislik davrida KXSHTning yangi antiterroristik strategiyasini birgalikda tayyorlashni boshlashni rejalashtirmoqdamiz. Ekstremizmga qarshi qat’iy kurashni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishimiz kerak”, dedi Putin.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Moskva tashkilot sheriklari bilan birgalikda xalqaro terroristik guruhlar va ularning bo‘linmalarini aniqlash hamda yo‘q qilish, ularni moliyalashtirish kanallarini to‘sish ustida ishlashda davom etadi.
Tashkilot faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida Rossiya rahbari axborot xavfsizligini keltirdi.
“Rossiya tomoni yoshlar muhitida radikal g‘oyalarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ittifoqdoshlar bilan yaqin hamkorlik qilish niyatida. Umumiy axborot makonimizni bunday tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarur, deb hisoblaymiz”, dedi davlat rahbari.
Rossiya, Putinning ta’kidlashicha, narkotrafikka qarshi kurash bo‘yicha ham hamkorlikni yanada kuchaytirishga intilmoqda.
“Qiziqish bildirgan xalqaro ishtirokchilarni jalb etgan holda, “Kanal” nomli antinarkotik operatsiyani davom ettiramiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr