Avstraliyada yirik yong‘inlar sababli favqulodda holat e’lon qilindi

Olam

image

Avstraliyaning Viktoriya shtatida hududda keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari tarqalayotgani sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Bir necha kun ichida yong‘in qariyb 300 ming gektar maydonni qamrab olgan va kamida 130 ta binoni butunlay vayron qilgan.

Shtat bosh vaziri Jasinta Allan so‘zlariga ko‘ra, favqulodda holat rejimi 18 ta munitsipalitet va bitta tog‘-kurort hududiga tatbiq etilgan. Xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda taxminan 24 mingta uy va korxona elektr ta’minotisiz qolgan, eng yuqori darajadagi ogohlantirishlar esa 820 ming gektardan ortiq maydonda, jumladan Buyuk Okean yo‘li yaqinida amal qilmoqda.

OAV qayd etishicha, favqulodda holat joriy etilishi hukumatga kengaytirilgan vakolatlar beradi. Xususan, bu harakatlanishni cheklash, qutqaruv xizmatlari ehtiyojlari uchun xususiy mulkni vaqtincha foydalanishga olish va aholini majburiy evakuatsiya qilish imkonini yaratadi.

Allan yong‘inlarni “keng ko‘lamli, juda tez tarqalayotgan va vayronkor” deb atab, hozirgi paytdagi eng asosiy vazifa — insonlar hayotini himoya qilish ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, u bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan uch nafar shaxs tirik holda topilganini ma’lum qilgan.

Hokimiyat vakillari, harorat asta-sekin pasayayotganiga qaramay, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda Yevropa mamlakatlari tarixdagi eng dahshatli o‘rmon yong‘inlari mavsumini boshidan kechirgani, yil boshidan buyon Yevropa Ittifoqi hududida 1 million gektardan ortiq o‘rmonlar yongani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Avstraliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing