Avtomobiliga ism qo‘ygan Farrux akaga chora ko‘rildi (video)
3-sahifa
−
18 Sentabr 17501 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda ZIL-53 rusumli transport vositasi davlat raqami o‘rniga “Farrux” yozuvi tushirilgan belgini taqib harakatlangani aks etgan videolavhalar tarqaldi. Qoidabuzarlik Sirdaryo viloyati YHXB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilib, haydovchiga qonunda belgilangan tegishli tartibda chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, qoidabuzarlik sodir etgan haydovchiga tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilib, ZIL-53 rusumli avtomobil vaqtinchalik jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
“Qonunbuzarlik ekanini bilardim. Shunday “nomer”lar chiqadi, deganiga qiziqishga qo‘ydik. Uzr so‘rayman. Boshqalarga bunday o‘zboshimchalik bilan ish qilmaslikni maslahat beraman” , deydi haydovchi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4 sentyabrda qabul qilingan “Avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda ismni mashinaga raqam qilib qo‘ysa bo‘ladi. Shu sanadan boshlab “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari uchun oltitagacha harf va (yoki) raqamlar kombinatsiyasidan iborat bo‘lgan “noyob” davlat raqami belgilarini ochiq kimoshdi elektron savdolarini o‘tkazish orqali berish huquqi beriladi. Bunda “noyob” davlat raqami belgilari amaldagi davlat raqami belgilarini takrorlamasligi, qonunchilikka va axloqiy normalarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BYD rusumli avtomobil qarama-qarshi yo‘lda harakatlanib, chorrahadan svetaforning qizil chirog‘ida burilgandi. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasi (yo‘l bezoriligi) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi