Azaliy raqib bilan kelishuv. Tramp nimani ko‘zlayapti?
Tahlil
−
29 Oktabr 4925 6 daqiqa
Dunyo iqtisodiyotida sezilarli silkinish bo‘lishi kutimoqda. Negaki, hozirgi kunda iqtisodiyotda eng kuchli bo‘lgan ikki davlat – AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar kutilmaganda iliqlasha boshladi. AQSH rahbari Donald Trampning Osiyo bo‘ylab boshlangan turnesi davomida Si Szinpin ma’muriyati bilan o‘rtadagi muammolarga chek qo‘yilishi mumkin.
Yaqinda e’lon qilingan yangiliklarga ko‘ra, joriy yilning 26 oktyabr kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda o‘tkazilgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining (ASEAN) 47-sammiti muzokaralar chog‘ida AQSH Moliya vaziri Skott Bessent va Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifeng ikki davlat o‘rtasidagi savdo kelishuvining asoslarini belgilab oldi. Har ikki tomon ham uchrashuvning pragmatik ruhda o‘tganidan mamnunligini bildirdi. Pekin tomoni muzokaralarni konstruktiv, deb baholadi. Xe Lifengning bayonotiga ko‘ra, muzokaralarda har ikki tomonning muammolarini bartaraf etish choralari bo‘yicha asosiy konsensusga erishilgan.
%20copy%20%E2%80%94%20%D0%BA%D0%BE%D0%BF%D0%B8%D1%8F(1).jpg)
“Ikki tomon ham yakuniy aniq tafsilotlar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar”, deyiladi Xitoy rasmiylari bergan bayonotda.
Hafta oxirida Janubiy Koreyada o‘tkazilishi kutilayotgan uchrashuvlarda AQSH rahbari Donald Tramp va Xitoy Kommunistik partiyasi Bosh kotibi Si Szinpin uchrashib, Amerikaning boj tariflari bo‘yicha rejalari va Xitoyning nodir metallar eksportini cheklash to‘g‘risidagi qarorlarini ko‘rib chiqadi. Tramp bu borada har ikki tomon kelishuvga erishmoqchi ekanligini bildirdi.
Hozircha Janubiy Koreyada Tramp va Szinpin nimalarni muhokama qilishi to‘liq e’lon qilinmagan. Albatta, bu ikki qudratli davlatlarning muhokama mavzulari yuqoridagi ikki muammo bilan cheklanib qolmasligi aniq.
Oldinroq Pekin ilg‘or texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan nodir metallarni eksport qilishga qattiqroq cheklovlar joriy etishga qaror qilgandi. Bunga javoban, Tramp Xitoy importiga qo‘shimcha tariflar joriy etish bilan tahdid qildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatning bunday keskin yaxshilanishi turli prognozlarga sabab bo‘lmoqda.
Xitoy bilan mojarolar
Tramp yuritayotgan proteksionizm siyosati, asosan, AQSHning ichki ishlab chiqarishini rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xuddi avvalgidek mamlakatni dunyoning og‘ir sanoat bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylantirish mexanizmi bilan ko‘rilayotgan edi. AQSH rahbarining shu paytgacha olib bogan bunday siyosati, boshqa davlatlar eksportiga turli miqdorda bojlarni joriy etishi, arab mamlakatlari bilan aloqalarni yanada yaxshilashga urinishlari, Venesuelaga qilayotan bosimlari va ichki siyosatda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlari u nimaga intilayotganining dalilidir.
XX asrning birinchi o‘n yilligi oxridan boshlab Xitoy tovarlari qisqa muddat ichida jahon bozorida AQSH mahsulotlariga muqobil bo‘la boshladi. Den Syaopin yaratgan bozor iqtiodiyoti va kommunizmni o‘zida jamlagan gibrid tizim Xitoyni misli ko‘rilmgan tarzda tez rivolanishiga olib keldi. Arzon ishchi kuchi va global integratsiyalar tom ma’noda Xitoy iqtisodiyoti uchun kotalizator bo‘lib xizmat qildi.
AQSHning o‘zida ham mahalliy tovarlar o‘rnini Xitoyning arzon, ammo sifati jihatidan qolishmaydigan mahsulotlari egallayotgan edi. Natijada mahalliy tadbirkorlar yoki kasotga uchrar, yoki narxlarni sun’iy tushirishga harakat qilar edi. Bu esa, o‘z navbatida, maoshlarni pasaytirish, ish o‘rinlarini qisqartirish va tovarlar sifatining tushishiga olib kelardi. Bu esa tarixga “Savdo urushi” nomi bilan kirdi.
Barchasi 2018 yilda Trampning Xitoyga nisbatan yuqori boj tariflarini joriy qilishidan boshlangan edi. Bunda Vashington Xitoy subsidiyasidan foydalanayotgan kompaniyalar adolatli raqobat tamoyillarini buzayotgani, AQSH texnologiyalarini ruxsatsiz ko‘chirayotgani hamda eksport va importdagi notenglikdan shikoyat qiladi. Albatta, bunga javoban, Xitoy ham AQSHning 110 mlrd dollarlik mahsulotlariga boj e’lon qildi. Natijada fond bozorlari qulaydi va global yetkazib berish zanjiri buziladi.
2020 yilga kelib davlatlar orasida aloqalar qisman yaxshilanadi. Ikki davlat o‘rtasida “Phaze One” bitimi imzolandi va Xitoy AQSHdan 200 milliard dollarlik qo‘shimcha tovar sotib olish majburiyatini oladi. Ammo Covid-19 pandemiyasi tufayli shartlar to‘la bajarilmay qolib ketdi.
Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davrida “Amerikani yana buyuk qil” shiori ostida yana mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kun tartibiga qo‘ydi. Shu sababli, Xitoyga nisbatan 100 foizlik boj joriy qilish rejalashtirilgan edi. Ammo Kuala-Lumpurdagi kelishuvlar ushbu jarayonni “muzlatdi”.
Bu savdo urushi, o‘z navbatida, mafkuraviy urush ham edi. Sotsialistik davlat bo‘lgan Xitoy “demokratiya yoyuvchisi” sifatida o‘z qiyofasini shakllantirgan AQSH bilan yaqin munosabatda bo‘lishi qiyin edi. Xitoy inson huqularining buzilishi, mamlkatdagi jiddiy senzuralar, uyg‘urlar muammosi va ijro etiladigan o‘lim jazolari tufayli G‘arbninng doimiy tanqidiga uchrab keladi. Bunday keskin bir-biridan farqlanadigan g‘oyalar asosida hokimiyatning yurtilishi ikki davlat rahbarlarining kelisha olmasligiga yana bir asosiy sabab desak adashmagan bo‘lamiz.
Maqsad va natijalar
Trampning siyosatini 180 gradusga o‘zgartirishi ortida qanday maqsadlar yotibdi? Nahot u o‘z xatosini tan olmoqda, yoki bu harakatlar ortida allaqanday yashirin rejalar bormi?
Bu borada turli fikrlarni ilgari surish mumkin. So‘ngi paytlarda Trampga nisbatan mamlakat ichida ham kayfiyat yomonlashgan edi. Shu yilning 18 oktyabrida AQSHning turli shtatlarida 2500dan ortiq odam Tramp siyosatiga qarshi “Amerikada qirol yo‘q” shiori ostida namoyishga chiqqan edi. Xuddi shu mazmundagi mitinglar iyul oyida ham bo‘lganini ko‘pchilik eslasa kerak. Namoyishlar, xalqning norozi kayfiyatini ilg‘agan hukumat Trampning siyosat trayektoriyasini o‘zgartirishga ko‘ndirgan bo‘lish ehtimoli bor.
Bugungi kunda Xitoy elektronika qurilmalarining turli qismlarida ishlatiluvchi lantanoidlar guruhiga mansub noyob qazilma boyliklarining tahminan 70-80 foizini ishlab chiqaradi va Amerikaning katta texnologik kompaniyalari uchun ushbu elementlar zarur.
Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasidagi integratsiyaning rivojlanishi har ikki tomon uchun birdek ijobiy tendensiyalarga olib keladi. AQSH uchun Xitoy bozori alohida ahamiyatga ega bo‘lganidek, Xitoy uchun ham Amerika bozori muhimdir. Negaki, har ikkisi keng hududga, ko‘p aholiga va yuqori xarid qobiliyatiga ega davlatlardir. Geosiyosiy manfaatlar yuzasidan qo‘yilgan tariflar bu integratsiyalshuvga to‘siq bo‘lib kelayotgan edi.
%20copy(24).jpg)
Shu jumladan, AQSH va Xitoy dunyoning eng yirik eksportyorlari ham hisoblanadi. Kelgusidagi savdo shartnomasini tuzish xalqaro doirada narxlarning stabillashuviga, dollarga bo‘lgan ishonchni yana ortishiga va inflyatsion bosimning pasayishiga olib keladi. Global bozorda narxlar barqarorlashadi, valyutalar kursi mustahkamlanadi bu esa xalqaro investorlarning ham kelgusidagi integratsiyalariga bo‘lgan ishonchini orttiradi.
Shunga qaramay, kelgusidagi uchrashuvga nisbatan qisman pessimistik fikr bildirayotganlar ham yo‘q emas. Bu borada ular Xitoy har qanday kelishuvga rozi bo‘lib ketadigan mamlakat emasligini ro‘kach qilmoqda, Tramp esa impulsiv va ko‘pincha retorikadan ortig‘iga o‘tmaydi, shu tufayli, ikkisi kelgusida Seuldagi uchrashuvda murosaga kelolmaydi, degan qarashlarni inkor qilish qiyin.
Bunga yana bir dalil sifatida Xitoyning doimiy muammolaridan biri bo‘lgan Tayvan muammosini keltirish mumkin. Rus nashrlariga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH, Xitoy bilan savdo munosabatlarini yaxshilash uchun Tayvanga bo‘lgan pozitsiyasini o‘zgartirmasligi e’lon qilingan. Tayvan – mikrochip ishlab chiqarishda dunyodagi eng yetakchi hudud hisoblanib, AQSH doim uni qo‘llab keladi. Agar bu borada pozitsiyalar o‘zgarmasa, ikki davlat hech qandan kelishuvga erisha olmasligi mumkin.
Shuningdek, Rossiya–Ukraina urushini yakunlash uchun Xitoyning yordami Trampga juda zarur. Ayniqsa, yaqinda bo‘lgan voqealardan keyin Tramp Putin bilan murosa yo‘lini qaytib tanlamasligi mumkin. Endigi maqsad – uni do‘stlaridan ayirish bo‘lishi ehtimoli katta.
-Recovered(8).jpg)
Aslida ham Xitoyga yuqori bojlarni joriy qilish, uni siyosiy maydonga sig‘dirmaslik AQSHni Yevroosiyodagi boshqa qudratli davlat bilan yaqinlashuviga olib kelishi tabiiy. Kech bo‘lsa-da Tramp har qanday usul bilan bo‘lsa ham uni bu o‘yinda o‘ziga og‘dirib olmoqchi.
Ammo Xitoy ma’muriyati ham o‘z manfaatlariga to‘g‘ri keladigan “o‘yinni” o‘ynashi hammaga ma’lum. Demak, katta ehtimol bilan kelgusidagi uchrashuvda AQSH Si Szinpin talablarini qondirishga rozi bo‘ladi, yoki bu kelishuv shunchaki Tramp uyushtirgan yana bir muvaffaqiyatsiz sammitligicha qoladi.
Live
Barchasi