Baffet 1,3 mlrd dollardan ortiq pulni xayriya qilmoqchi
Bu qiziq
−
11 noyabr 2762 2 daqiqa
Milliarder Uorren Baffet 1,3 milliard dollardan ortiq mablag‘ni xayriyaga yo‘naltirish niyatida ekanini va 2025 yil oxirida Berkshire Hathaway kompaniyasi bosh direktori lavozimini tark etishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘z aksiyadorlariga yo‘llagan maktubida ma’lum qildi.
U endi an’anaviy yillik murojaatlarni yozishni va kompaniya yig‘ilishlarida qatnashishni to‘xtatishini bildirgan. Shuningdek, Baffet o‘zini “umuman olganda yaxshi” his qilayotganini, biroq aktivlarini farzandlariga topshirish jarayonini tezlashtirmoqchi ekanini va boyligining xayriya maqsadlarida ishlatilishini ta’minlash tizimini mustahkamlash niyatida ekanini aytgan.
“Harakatlarim sekinroq, o‘qish esa biroz qiyinlashgan bo‘lsa-da, men haftasiga besh kun ofisda ajoyib insonlar bilan ishlayman”, deb yozgan u.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, uning farzandlari “yetuklik va aql-zakovati” bilan merosni to‘g‘ri boshqarishga qodir.
Uorren Baffet yana bir bor Greg Abel uning vorisi bo‘lishini tasdiqlagan. U aksiyadorlar Gregga o‘ziga va uzoq yillik hamkori Charlz Mangerga bo‘lgan ishonchdek ishonch bildirishi lozimligini ta’kidlagan.
“Men sizning va mening jamg‘armalarimizni boshqarish uchun Gregdan boshqa birorta bosh direktor, maslahatchi, olim yoki davlat arbobini tanlay olmasdim”, deyiladi maktubda.
Hujjatga ko‘ra, 1,5 millionta B sinf aksiyasi Syuzan Tompson Baffet fondiga, yana 400 mingtadan aksiya tadbirkorning uch farzandiga tegishli fondlarga topshiriladi.
Berkshire Hathaway konglomerati Geico, Duracell va Dairy Queen kabi o‘nlab kompaniyalarga egalik qiladi. Uning 283 milliard dollarlik portfelining asosiy qismini Apple, American Express, Bank of America, Coca-Cola va Chevron aksiyalari tashkil etadi. 95 yoshli Uorren Baffetning boyligi hozirda taxminan 150 milliard dollar deb baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Microsoft kompaniyasi asoschisi va milliarder Bill Geyts o‘z shaxsiy boyligining deyarli barchasini kelgusi 20 yil ichida xayr-ehsonga sarflash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi