AQSHda milliarder Pentagonga 130 mln dollar xayriya qildi

Olam

image

Amerikalik “yakka yashovchi milliarder” Timoti Mellon Pentagonga 130 million dollar miqdorida xayriya qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

“AQSH hukumatiga 130 million dollar miqdorida xayriya qilgan anonim donor Timoti Mellon – kamdan-kam ommaga ko‘rinadigan milliarder va AQSH Prezidenti Donald Trampning yirik moliyaviy homiysi bo‘lib chiqdi. Mablag‘ hukumat faoliyati to‘xtatilgan paytda harbiy xizmatchilarga maosh to‘lash uchun ajratilgan”, deyiladi xabarda. 

Nashrning yozishicha, Mellon Trampning uzoq yillik tarafdori hisoblanadi. Tramp avvalroq noma’lum investorni “o‘zining do‘sti va vatanparvar” deb atagan.

Bunga qadar Pentagon jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Shon Parnell idora 130 million dollarlik anonim xayriyani qabul qilganini ma’lum qilgan. Mablag‘ federal hukumat ishining vaqtincha to‘xtatilishi, ya’ni “shatdaun” davrida harbiy xizmatchilarning maoshi va to‘lovlarini qoplash uchun ishlatilishi belgilangan.

“Bloomberg” hisob-kitobiga ko‘ra, bu mablag‘ AQSH Qurolli kuchlarining 1,3 million faol harbiy xizmatchisiga mo‘ljallangan umumiy xarajatlarning faqat kichik qismini qoplashga yetadi. 2025 yil sentyabr oyida Pentagon faqat maoshlar uchun taxminan 9,8 milliard dollar sarflagan.

Eslatib o‘tamiz, AQSHda 1 oktyabrdan boshlab hukumat faoliyati to‘xtatilgandi, chunki Senat yangi byudjet loyihasini tasdiqlay olmadi. Bunga sabab – sog‘liqni saqlash dasturlarini moliyalashtirish masalasida demokratlar va respublikachilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bo‘ldi. Shunday qilib, mamlakat tarixidagi 22-“shatdaun” boshlandi. Bu Donald Tramp prezidentligi davrida to‘rtinchisi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Pentagon xayriya Timoti Mellon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing