Bakalavr va magistrlar tayyorlash bo‘yicha davlat granti tasdiqlandi
Jamiyat
−
19 iyul 4388 2 daqiqa
2025/2026 o‘quv yili va kelgusi 3 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari tasdiqlandi. Bu kecha, 18 iyul kuni qabul qilingan “Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishida belgilangan.
Davlat buyurtmasi parametrlari bakalavriat bosqichiga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha quyidagicha:
- 2025/2026 o‘quv yili uchun – 35 500 ta;
- 2026/2027 o‘quv yili uchun – 36 023 ta;
- 2027/2028 o‘quv yili uchun – 36 460 ta;
- 2028/2029 o‘quv yili uchun – 36 761 ta.
magistratura bosqichiga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha esa quyidagicha:
- 2025/2026 o‘quv yili uchun – 9 922 ta;
- 2026/2027 o‘quv yili uchun – 10 191 ta;
- 2027/2028 o‘quv yili uchun – 10 477 ta;
- 2028/2029 o‘quv yili uchun – 10 784 ta.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilar bo‘yicha takliflarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi:
- respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1 320 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan;
- davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat grantining ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi taqsimoti bo‘yicha;
- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 4 000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan.
Ma’lumot uchun, hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, grantga kirgan talaba yaxshi o‘qimasa, kontraktga tushishi mumkin. Yoki aksincha, kontraktga kirgan talaba yaxshi o‘qisa, grantga o‘tishi mumkin. Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25 avgustga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Live
Barchasi