Bangladeshda qizamiqdan 100 nafar bola halok bo‘ldi

Olam

image

Bangladeshda tez tarqaladigan qizamiq kasalligi oqibatida yuzdan ortiq bola halok bo‘ldi. Mamlakatda favqulodda epidemiologik holat e’lon qilindi. Bu haqda Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 5 aprel kuni Bangladesh hukumati yomonlashib borayotgan epidemiologik vaziyat ortidan mamlakatda favqulotda holat e’lon qilgan. Natijada hududlardagi sog‘liqni saqlash markazlarida shoshilinch emlash kampaniyalari boshlangan. Mutaxassislar buni mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida so‘nggi 50 yillikdagi eng og‘ir holat ekanligini qayd etmoqda.

“5 aprel kuni hukumat tomonidan e’lon qilingan favqulodda holatdan so‘ng mamlakat hududida minglab emlash markazlari tashkil qilindi. Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning 15 martidan 1 apreliga qadar 7 500 dan ortiq bemorning kasallanganini aniqladi. Bulardan 900 nafari to‘liq emlandi”, deyiladi Bangladesh Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.

2025 yilda butun mamlakat bo‘ylab atigi 125 ta qizamiq holati aniqlangan. 2026 yilning dastlabki choragida kasallikni yuqtirib olish 60 barobarga oshgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatning chekka hududlarida UNICEF tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik yordami doirasidagi emlash kampaniyalariga o‘z minnatdorligini bildirgan.

“Vaksina bolalar omon qolishi uchun asosiy tayanchdir.  Kasallik minglab bolalarni, ayniqsa eng kichik va zaiflarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda. Biz ularni davolash uchun nima zarur bo‘lsa bajaramiz”, deydi UNISEF’ning Bangladeshdagi vakili Rana Flovers.

Sog‘liqni saqlash vazirligining qayd etishicha, 170 million aholi istiqomat qiladigan Bangladeshda chaqaloq qizamiqqa qarshi vaksina bilan kamida to‘qqiz oyga to‘lganidan so‘ng emlanadi. Ammo statistikaga ko‘ra, kasalikka chalingan bolalarning uchdan bir qismini hali to‘qqiz oyga to‘lmagan bolalar tashkil qiladi.

Bangladesh sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan odatiy emlashlardan tashqari har to‘rt yilda qizamiqqa qarshi maxsus emlash kampaniyalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ammo mamlakatda 6 yildan buyon ommaviy emlash jarayoni amalga oshirilmagan. Hukumat buni COVID-19 va 2024 yilda bo‘lib o‘tgan siyosiy beqarorliklar bilan izohlaydi. Bangladeshda qizamiqqa qarshi so‘nggi emlash jarayoni 2020 yilning mart-aprel oyida bo‘lib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda ilgari uchramagan yangi turdagi yashur kasalligi (chorva orasida tez yuqadigan virus) aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi Bangladesh qizamiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing