Ota poyezd tagiga tushib ketgan farzandini qutqarib qoldi (video)
Olam
−
02 may 5427 1 daqiqa
Joriy yilning 28 aprel kuni Bangladeshdagi “Bhairab” temir yo‘l stansiyasida bir yoshli bola olomonning tartibsizligi tufayli otasining qo‘lidan sirg‘alib, poyezd relsiga tushib ketdi. Ota relsga tushib, farzandini o‘zini tanasi bilan to‘sgan holda uning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda “The Indian Express” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ota poyezdga chiqmoqchi bo‘lgan vaqtda uning bir yoshli o‘g‘li bekatdagi olomonning tartibsizligi tufayli, uning qo‘lidan sirg‘alib tushgan va platforma yonidagi tor tirqishga yiqilgan.
O‘sha vaqtda poyezd uzoqdan kelayotgan bo‘lgan. Ota bir necha soniya ichida hayot-mamot masalasida qaror qabul qilib, ikkilanmay pastga sakrab tushgan. Shundan so‘ng, bolasini o‘ziga tortgan va yaqinlashib kelayotgan poyezddan himoya qilish uchun uning ustiga yotib olgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bir nechta vagonlar ularning tepasidan o‘tib ketayotgani, hayratda qolgan kuzatuvchilar esa hech qanday munosabat bildira olmay, qarab turgani aks etgan.
Xabarga ko‘ra, ota ham, uning bir yoshli o‘g‘li ham jiddiy jarohatlarsiz tirik qolgan. Poyezd o‘tib ketishi bilan esa yaqin atrofdagi odamlar yordam berish uchun erkakning oldiga yugurib borgan va ularni platformaga qaytib olib chiqqan.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi