“Barselona” “Ayntraxt”ni mag‘lubiyatga uchratdi
Sport
−
10 dekabr 961 1 daqiqa
Kecha, 9 dekabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi doirasida navbatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Ispaniyaning “Barselona” jamoasi Germaniyaning “Ayntraxt” klubi ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi.
“Barselona” o‘yinni juda tezkor va bosimli tarzda boshladi. Robert Levandovskiy 10-daqiqada hisobni ochishga erishdi, biroq VAR tekshiruvida oldingi epizodda ofsayd aniqlangani sababli gol bekor qilindi. Kutilmaganda, 21-daqiqada mehmonlar hisobni ochdi. Nataniel Braunning nozik uzatmasidan keyin Ansgar Knauff himoyachilar bosimidan qochib, Joan Garsiya darvozasini ishg‘ol etdi. Birinchi bo‘lim davomida mezbonlar hisobni tenglashtirishga intilishdi, biroq bu urinishlar natija bermadi.
Ikkinchi bo‘limda kataloniyaliklar hujumni kuchaytirib, muvozanatni tiklashga harakat qilishdi. 50-daqiqada Markus Reshfordning uzatmasi so‘ngida Jyule Kunde aniq zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Oradan ikki daqiqa o‘tib, 53-daqiqada yana Kunde gol urib, “Barselona”ni hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yinning qolgan qismida hisob o‘zgarmadi va uchrashuv Xansi Flik shogirdlarining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Shu tariqa, “Barselona” 6-turdan keyin ochkolarini 10 taga yetkazib, turnir jadvalida 14-o‘rinni egallab turibdi. “Ayntraxt” esa 4 ochko bilan 30-pog‘onada joylashgan.
Navbatdagi turda kataloniyaliklar “Praga”ga qarshi maydonga tushadi, germaniyaliklar esa “Tottenhem” bilan kuch sinashadi.
Live
Barchasi