“Barselona” Levandovskidan bonusni tejash uchun gol urmaslikni so‘ragan – manba
Sport
−
20 noyabr 2897 2 daqiqa
Kataloniyaning “Barselona” jamoasi 2022-2023 yilgi mavsum oxirida hujumchi Robert Levandovskidan Myunxen “Bavariya” klubiga 2,5 million yevro bonus to‘lamaslik uchun gol urmaslikni so‘ragan. Bu haqda Robert Levandovskining tarjimai holi muallifi Sebastyan Stashevskiyga tayanib, “Cadena SER” xabar berdi.
Sebastyan Stashevskiyning yozishicha, agar Levandovski La Ligada 25 tadan ortiq gol urganida, “Barselona” “Bavariya”ga bonus to‘lashi kerak bo‘lgan. O‘sha paytda Xavi qo‘l ostidagi “Barselona” chempionlikni qo‘lga kiritgan, Levandovski esa 23 gol bilan to‘purarlar poygasida yetakchilik qilayotgan edi.
Mashg‘ulotlarning biridan so‘ng futbolchidan bir nechta rahbarlar, jumladan prezident Joan Laportaning ofisiga kirish so‘ralgan. Kitobga ko‘ra, yuqori martabali amaldorlardan biri: “Robert, biz so‘nggi bir necha o‘yindagi gol urmasligingni xohlaymiz”, degan.
Stashevskiy “El Larguero” radiosiga bergan intervyusida xabarni ishonchli deb aytdi, u kamida besh ishonchli manba bilan maslahatlashganini va bu voqea haqiqat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, muallif klubning moliyaviy vaziyatini tushungan holda, iltimosni tushuntirganini bildirdi.
“Bu birinchi va ehtimol oxirgi marta undan gol urmaslikni so‘rashdi. Avvaliga bu ajablanarli tuyulishi mumkin edi, lekin u klubning moliyaviy ahvolini hisobga olgan holda, so‘rovni tushundi”, deydi Stashevski.
Hujumchi bu so‘rovni hayrat bilan qabul qilgan. Kitobda yozilishicha, Levandovski ilgari hech qachon shunday so‘rovga duch kelmagan, chunki uning faoliyati davomida hech kim undan ixtiyoriy ravishda gol urishni to‘xtatishni so‘ramagan. Natijada, Levandovski Ispaniya chempionatidagi so‘nggi ikki o‘yinda gol ura olmagan.
Live
Barchasi