“Barselona”ning yana bir asosiy futbolchisi safdan chiqdi
Sport
−
30 Oktabr 1569 1 daqiqa
Ispaniyaning “Barselona” jamoasi yarim himoyachisi Pedri jarohat olgani ma’lum bo‘ldi. Ispaniyalik futbolchi chap oyog‘idagi mushak yorilishi tufayli bir muddat maydonga tusha olmaydi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ispaniya OAVlariga ko‘ra, 21 yoshli pleymeyker taxminan to‘rt hafta uchrashuvlarni o‘tkazib yuboradi. Klub rasmiy bayonotida futbolchining aniq safga qaytish muddati oshkor etilmagan, tiklanish muddati “uning sog‘ayish jarayoniga bog‘liq” deya ta’kidlanadi.
Pedri bosh murabbiy Xansi Flik qo‘l ostida shu paytgacha atigi bitta o‘yinni o‘tkazib yuborgan. U o‘ynash mumkin bo‘lgan 73 uchrashuvning 72 tasida maydonga tushgan. Joriy mavsumda esa u barcha 13 ta o‘yinda ishtirok etib, 2 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Joriy yilning 26 oktyabr kungi La Liga doirasidagi “El-Klasiko”da “Real Madrid”ga (2:1) qarshi bahsda Pedri o‘yinning oxirgi daqiqalarda maydondan chetlatilgan edi.
Ma’lumot uchun, Pedridan tashqari, Robert Levandovskiy, Rafinya, Dani Olmo, Gavi, Joan Garsiya va Mark-Andre ter Shtegen ham jarohati sababli jamoasiga yordam bera olmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madridning “Real” klubi sardori Dani Karvaxal o‘ng tizzasidagi jarohati sababli artroskopik jarrohlik amaliyotini o‘tkazishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi