“Barselona” afsonasi katta jarimaga tortildi
Sport
−
13:48 825 1 daqiqa
“Barselona” sobiq futbolchisi Jerar Pike Ispaniya moliyaviy regulyatori tomonidan insayderlik asosida aksiyalar savdosi bilan bog‘liq ishda 200 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda COPE nashri xabar berdi.
Ispaniya Milliy qimmatli qog‘ozlar bozori komissiyasi (CNMV) ma’lumotiga ko‘ra, Pike 2021 yilda “Aspy Global Services” kompaniyasining sotib olinishi haqida rasmiy e’lon qilinishidan bir necha kun oldin uning 104 166 ta aksiyasini sotib olgan.
Regulyatorning ta’kidlashicha, u maxfiy ma’lumotlardan foydalangan va keyinchalik aksiyalar narxi taxminan 20 foizga oshgach, ularni sotib foyda ko‘rgan.
CNMV bu holatni jiddiy qoidabuzarlik deb baholagan. Shuningdek, biznesmen Elias Navarro ham Pikega yaqinlashib kelayotgan xarid bo‘yicha ichki ma’lumot yetkazgani uchun 100 ming dollar jarimaga tortilgan. Pike va Navarro Ispaniya Oliy sudiga apellyatsiya berish huquqiga ega.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli sobiq futbolchi 2022 yil noyabr oyida professional faoliyatini yakunlagan. U “Barcyelona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, klub bilan birga 8 ta La Liga, 4 ta UEFA Chempionlar Ligasi, 7 ta Qirol kubogi, 6 ta Ispaniya Superkubogi, 3 ta Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati va 3 ta UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi