“Barselona” Peruda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi
Sport
−
30 Oktabr 887 2 daqiqa
“Barselona” klubi AQSHning Mayami shahrida “Vilyarreal”ga qarshi bekor qilingan o‘yindan ko‘rilgan moliyaviy yo‘qotishlarni qoplash maqsadida shu yilning dekabr oyida Peruda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Goal” nashri xabar berdi.
Hozircha “Barselona”ning raqibi aniqlanmagan, biroq uchrashuvdan 7-8 million yevro daromad olinishi kutilmoqda. O‘yin klubning global kengayish va tijorat strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Kataloniyaliklar dastlab joriy yilning 20 dekabr kuni “Xard Rok” stadionida “Vilyarreal” ga qarshi uchrashishi kerak edi, biroq tashkilotchilar Relevent Sports “Ispaniyadagi noaniqlik” va siyosiy beqarorlik sababli uchrashuvni bekor qilgan. Shu bois “Barselona” Peru taklifini yo‘qotilgan daromadni tiklash uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Klub prezidenti Joan Laporta jamoa futbolchilari va murabbiylar shtabi bilan uchrashuvda o‘yin o‘tkazish rejasini tasdiqlagan va uning moliyaviy ahamiyatini ta’kidlagan. Agar kelishuv tasdiqlansa, bu uchrashuv “Barselona”ning 2025 yilgi kalendar yilidagi so‘nggi o‘yini bo‘ladi va Janubiy Amerika bozorida klub brendini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Perudagi o‘yin “Barselona” uchun nafaqat moliyaviy daromad manbai, balki yangi auditoriya bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniyatini ham beradi. Shu orqali klub yo‘qotilgan tijoriy imkoniyatlarni qoplab, 2026 yilgi kampaniyaga moliyaviy tayyorgarlikni kuchaytirishni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun, “Barselona” 2025 yildagi so‘nggi uchrashuvni 22 dekabr kuni o‘tkazadi. Klubda o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun 2026 yilning 5 yanvariga qadar vaqt bo‘ladi.
Live
Barchasi