Germaniya Shols bilan vidolashdi (video)
Olam
−
06 may 14039 2 daqiqa
Kecha, 5 may kuni Berlindagi Bendlerblok harbiy majmuasi hovlisida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
An’anaviy “Buyuk oqshom shon-shuhrati” (Der Große Zapfenstreich) marosimida so‘zlagan Shols hamjihatlikka, demokratik qadriyatlarni asrab-avaylashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun, 6 may kuni bo‘lib o‘tadigan hukumat almashinuvi “demokratik me’yorning ko‘rinishi” bo‘ladi.
“Shuning uchun ham demokratlar o‘rtasidagi sivilizatsiyalashgan muloqotni himoya qilish juda muhim, chunki bu qimmatli. Demokratik davlatda lavozimlar har doim ma’lum muddatga beriladi. Bizni butun dunyodagi avtokratiyalardan ajratib turadigan narsa shu”, deb ta’kidladi lavozimini tark etayotgan kansler.
Shols kansler lavozimini egallashga tayyorlanayotgan Fridrix Mersga “ko‘p muvaffaqiyatlar, omad va yengillik” tiladi.
“Germaniyaning federal kansleri sifatida xizmat qilish mening hayotimning sharafi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, deya so‘zini yakunladi Shols.
Bendlerblokdagi marosimda 300 ga yaqin askar va ofitser ishtirok etdi. Mehmonlar orasida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer va bo‘lajak kansler Fridrix Mers ham bor edi. Tadbir davomida Bundesver orkestri an’anaviy tarzda iste’foga chiqqan kansler tanlagan uchta kompozitsiyani ijro etdi.
Olaf Shols xayrlashuv uchun turli davrlarning klassikalarini tanladi – “The Beatles” guruhining “In My Life”, Baxning konsertlaridan biridan parcha va Areta Franklinning “Respect” qo‘shig‘i.
“Buyuk oqshom shon-shuhrati” (Der Große Zapfenstreich) harbiy vidolashuv Germaniya Qurolli Kuchlari fuqaroga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng yuqori hurmat hisoblanadi. Federal kanslerlardan tashqari, bu odat federal prezidentlar va mudofaa vazirlari lavozimini tark etganda ularga hurmat ko‘rsatish uchun ham qo‘llaniladi.
An’ana XVI asrga borib taqaladi. Marosim har doim kechqurun bo‘lib o‘tadi va bir nechta musiqiy kompozitsiyalardan, jumladan, milliy madhiya va marshdan iborat. Bundan tashqari, an’anaviy ravishda mash’alalar yoqiladi.
Ma’lumot uchun, 2021 yil sentyabr oyida Germaniya sotsial demokratik partiyasining parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng Olaf Shols federal kansler lavozimiga ko‘rsatilgan va yangi koalitsiya tuzilganidan so‘ng o‘sha yilning dekabr oyida o‘z lavozimini egallagan.
Kansler sifatida u o‘sib borayotgan iqtisodiy muammolar (birinchi navbatda turg‘unlik), migratsiya siyosati va Rossiya agressiyasiga qarshi Ukrainaga harbiy yordamning sustligi uchun tanqid qilindi.
2024 yil dekabr oyida koalitsiya parchalandi va 2025 yil fevral oyida parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda Germaniya sotsial demokratik partiyasi Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqi (XDS/XSS)ga mag‘lub bo‘ldi.
Live
Barchasi