Bir guruh ayol sudyalar taqdirlandi

Jamiyat

image

Bugun, 5 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirokida 10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan tantanali uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

“Mamlakatimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasi tashkil etildi va men ushbu voqea munosabati bilan barchamizni samimiy qutlayman.

Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlik hamda tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan muhim farmon qabul qilindi. Bu – inson taqdirini barbod qilib, jinoyatini “an’ana” niqobi ostiga yashirishga, mavqei yoki mansabi bilan xaspo‘shlashga urinayotgan kimsalarga qarshi murosasiz qadamdir. Bu borada sudyalar hal qiluvchi o‘ringa ega: qonun shunday ishlashi kerakki, jinoyatchi uchun bahona ham, “tuynuk” ham qolmasin”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Shuningdek, u bunga erishish uchun sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi va tergovga qadar tekshiruv organlari faoliyatining samaradorligi, mas’uliyati yanada oshirilishi hamda zo‘ravonlikning har qanday holatiga real huquqiy baho berilishi ta’minlanishini ma’lum qilgan.

“Birinchi bor aynan ushbu xalqaro sana munosabati bilan ayol sudyalarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Men buni qat’iyati va halolligi bilan odil sudlovni amalga oshirayotgan insonlarga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi, deb bilaman.

Zo‘ravonlik atrofdagilar sukuti va mazlumlarning qo‘rquvi ortiga aslo yashirina olmasligi kerak. Biz ana shunday muhitni barpo etishni maqsad qilganmiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar natijasida so‘nggi 10 yilda ayol sudyalar soni 2 barobarga oshgan. Umuman olganda, O‘zbekiston sud tizimida ayol sudyalar ulushi 15 foizni tashkil etib, 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasida ushbu ko‘rsatkichni 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva Xalqaro ayol sud'yalar kuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing