Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Jamiyat
−
07 fevral 2493 2 daqiqa
Bugun, 7 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ayni damda Toshkentda bo‘lib turgan AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan uchrashdi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashining birinchi ochilish yig‘ilishi yakunlangan. Serjio Gor Saida Mirziyoyeva bilan uchrashib, boshqa ko‘plab mavzular qatorida ikki davlat o‘rtasida tijorat diplomatiyasini kuchaytirish masalalarini muhokama qilgan.

Mazkur yig‘ilish va uchrashuv yuzasidan Saida Mirziyoyeva ham Telegram-kanali orqali o‘z fikrlarini bildirdi.
“Maxsus vakil, elchi Serjio Gor ishtirokida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilganini ma’lum qilishdan mamnunman. Muhokamalar samarali va istiqbolga yo‘naltirilgan tarzda o‘tdi. Oldinda bizni har ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha salmoqli va mazmunli ishlar kutmoqda”, deydi u.
Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 6-7 noyabr kunlari AQSHga borgan edi. O‘zbekiston yetakchisi Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazdi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining C5+1 formatidagi sammitida ishtirok etdi. Shundan so‘ng Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Kengash faoliyatini O‘zbekiston tomonidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va AQSH Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshqarib boradi. Prezident Administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Komil Allamjonov esa O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maslahatchi-elchisi – Prezident Administratsiyasining AQSHdagi vakili lavozimiga tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Serjio Gor 2025 yilning 25 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan O‘zbekistonga kelgandi. 26 oktyabr kuni esa ular O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. Elchixona e’lon qilgan rasmlardan AQSH rasmiylari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. Ularga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik hamrohlik qilgan.
27 oktyabr kuni Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan uchrashdi. Mirziyoyevaning yozishicha, AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakillari O‘zbekistonda keyingi 8 yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddati va jadal sur’atini qayd etgan.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev maxsus vakil Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv so‘ngida Gor O‘zbekiston yetakchisiga Tramp nomidan yuborilgan bir qator sovg‘alarni topshirdi.
Live
Barchasi