Bishkekda komaga tushib qolgan o‘zbekistonlikka yordam berilmayaptimi? Elchixona munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘zbekistonlik talaba qiz yo‘l-transport hodisasiga uchraganidan so‘ng komaga tushib qolgani xabar qilingandi. Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida qizning onasi yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilgani va yordam ololmaganini aytgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Bishkekdagi elchixonasi munosabat bildirdi. 

Elchixonaning ma’lum qilishicha, oxirgi paytlarda Qirg‘izistondagi xalqaro tibbiyot universitetining stomatologiya yo‘nalishida o‘qiyotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining yo‘l-transport hodisasiga (avariyaga) uchraganligi va unga hech qanday yordam ko‘rsatilmayotganligi hamda uning onasiga bo‘lgan tajovuzlar haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bildirilishicha, YTH haqidagi ma’lumotni elchixona xodimlari olishlari bilan Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan bog‘lanib, bu masala alohida nazoratga olingan. 

“Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining sog‘ligi to‘liq mahalliy shifokorlar nazoratida qolmoqda. Uning va yaqinlarining haq-huquqlariga hech qanday tahdidlar bo‘lmayotganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi elchixona xabarida.

Qayd etilishicha, elchixona to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqaroning onasi bilan ham aloqada, hech qanday aloqadan qochish yoki ularning haq-huquqlarini himoya qilishda sustkashlik qilish holatlari mavjud emas.

“Shu fursatdan foydalanib, Qirg‘iz Respublikasi hududida bo‘lib turgan hurmatli O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ushbu mamlakatning ichki qonun-qoidalariga to‘liq rioya qilishlarini, o‘rnatilgan tartiblarni buzmasliklarini, yo‘l harakat qoidalariga rioya qilishlarini, piyodalar uchun belgilangan maxsus joylardan o‘tishlarini va boshqa qoidalarga rioya qilishlarini so‘rab qolamiz.

Ushbu mamlakatda bo‘lib turgan vaqtingizda yuzaga keladigan turli xil holatlar yuzasidan Bishkek shahridagi O‘zbekiston elchixonasiga va O‘sh shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishingiz mumkin”, deyiladi xabarda.

Bishkek Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, YTH joriy yilning 2 aprel kuni Isakeyeva ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1999 yilda tug‘ilgan T.A. boshqaruvidagi Hyundai Sonata rusumli avtomashina kunduzgi soat 13:30 da yo‘lni kesib o‘tayotgan o‘zbekistonlik talaba qiz, 2000 yilda tug‘ilgan G.A.ni urib yuborgan.

Jabrlanuvchi Milliy shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 312-moddasi (transport vositasini boshqarayotgan shaxs tomonidan transport vositalari harakati va ulardan foydalanish qoidalarini qasddan yoki ehtiyotsizlik bilan buzish, oqibatda sog‘liqqa og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi ochilgan. Haydovchi vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Bishkek talaba qiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing