“Biz qaytamiz”. Mag‘lub bo‘lgan Orban xalqiga murojaat qildi
Olam
−
14 aprel 5495 2 daqiqa
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, kecha, 13 aprel kuni kechqurun videomurojaat bilan chiqdi.
U 12 aprel kuni o‘tgan saylovlarda uning “Fides” partiyasi va Xristian-demokratik xalq partiyasi nomzodlarini 2,25 milliondan ortiq saylovchi qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlagan. Orban 2014 yilda aynan shuncha ovoz bilan katta g‘alabaga erishilganini eslatib, bu safar bu natija faqat mag‘lubiyat uchun yetganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Fides” hali ham mamlakatdagi eng birlashgan siyosiy kuch bo‘lib qolmoqda va partiya bundan keyin ham venger xalqiga xizmat qilishda davom etadi.
Murojaat yakunida u yaqin haftalarda partiya qayta tashkil etilishini, barcha saylov okruglariga tashrif buyurilishini, faollar va tarafdorlar safarbar etilishini hamda 28 aprel kuni umumiy milliy kengash yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qilib, “Oldinga, Vengriya! Oldinga, vengerlar!” deya chaqiriq qilgan.
Bu Orban mag‘lubiyatdan keyin Facebook’da e’lon qilgan ilk videomurojaati bo‘ldi. Avvalroq, u qisqa nutq bilan partiyasining yutqazganini tan olgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning partiyasi 199 o‘rinli parlamentda 56 mandatni qo‘lga kiritgan, g‘alaba esa Peter Madyar yetakchiligidagi “Tisa” partiyasiga nasib etib, ular 136 o‘rin bilan ko‘pchilikning ovozini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, Madyar korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimli islohotlar o‘tkazish va yangi konstitutsiya ishlab chiqishni va’da qilgan. Shuningdek, u Vengriyani Rossiyadan uzoqlashtirish va NATOdagi ishonchli hamkor sifatidagi rolini tiklash tarafdori ekanini bildirgan.
Orban esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri sanaladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Orbanni qo‘llab-quvvatlagan. U agar Orban bosh vazirlikda qolsa, AQSH Vengriyaning gullab-yashnashiga hissa qo‘shishga tayyorligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq saylovlarda g‘olib bo‘lgan Madyar uning partiyasi Ukrainaning Yevropa Ittifoqidan kredit olishiga to‘sqinlik qilmasligi haqida aytgandi.
Live
Barchasi