Slovakiya YeIni sudga berdi
Olam
−
08:48 2297 2 daqiqa
Slovakiya Yevropa Ittifoqining Rossiya gazini import qilishni taqiqlash qarori ustidan sudga murojaat qildi. Bu haqda “Topky.sk” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bratislava bu qarorni Yevropa Ittifoqi sudida ko‘rib chiqishni talab qilgan. Avvalroq, Vengriya ham xuddi shunday da’vo arizasi bergan edi. Har ikki davlat mazkur qarorga qarshi ovoz bergan, biroq uni qabul qilish uchun barcha a’zolarning roziligi talab etilmagan.
Qarorga ko‘ra, Rossiyadan suyultirilgan gaz importi 2027 yil 1 yanvardan, quvur orqali yetkazib beriladigan gaz esa 2027 yil 30 sentyabrdan boshlab to‘xtatiladi. Slovakiya esa Rossiya bilan 2034 yilgacha amal qiladigan gaz yetkazib berish shartnomasiga ega bo‘lib, hozir gazni Turk oqimi orqali olmoqda.
“Reuters” xabariga ko‘ra, bu tashabbus aynan Slovakiya va Vengriyaning vetosini chetlab o‘tish uchun shunday shaklda ishlab chiqilgan qarorni qabul qilishda oddiy ko‘pchilik ovozi yetarli bo‘lgan.
Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso bu qarorni tanqid qilib, a’zo davlatlarning veto huquqi buzilganini aytgan. Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto esa energiya importini faqat sanksiyalar orqali taqiqlash mumkinligini, buning uchun esa barcha davlatlarning roziligi talab etilishini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi shartnomalariga binoan har bir davlat o‘z energiya manbalarini mustaqil tanlash huquqiga ega. Shuningdek, bu qaror “energetik birdamlik” tamoyiliga ham zid ekani qayd etilgan.
Rossiya tomoni esa Yevropaga gaz yetkazib berishga tayyor ekanini bildirgan. Vladimir Putin mart oyida agar Yevropa davlatlari uzoq muddatli hamkorlikka tayyor bo‘lsa, Rossiya ham yetkazib berishni davom ettirishga tayyor ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya gazini Xitoyga “Sibir kuchi” quvuri orqali yetkazib berish 2025 yilda to‘rtdan bir qismga, “Markaziy Osiyo– Markaz” tizimi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish esa 30 foizga oshgandi.
Live
Barchasi