Bloger Sirojiddin Odilov qamoqqa olindi
3-sahifa
−
11 mart 21290 3 daqiqa
Bloger Sirojiddin Odilov firibgarlik va pora berishda gumonlanib qamoqqa olindi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi 1961 yilda tug‘ilgan fuqaro R.X. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unga ko‘ra, R.X. 2024 yilning avgust oylarida Toshkent shahrida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtalaridagi moliyaviy masalasini hal qilib berishini so‘rab murojaat qilgan. Sirojiddin Odilov vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, jabrlanuvchidan ishini uning foydasiga hal qilib berish evaziga ma’lum miqdorda pul olgan va hozirgi kunga qadar va’dasini bajarmasdan, aldab kelgan. Shu bois R.X. blogerga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Sirojiddin Odilovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook sahifasida ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
“Sirojidinning jinoyat ishi debochadanoq protsessual xatolar bilan boshlandi. Ehtiyot chorasini belgilash bo‘yicha mahkamaga poytaxtdan borgan ikki nafar advokat orderi bo‘la turib qo‘yilmadi, aksincha, davlat advokati ishtirok etdi”, deb yozdi inson huquqlari faoli.
Tashanovning bildirishicha, himoyalanish huquqi shaxsning imperativ huquqi bo‘lib, bunday huquqning buzilishi jinoyat ishining xolis ko‘rilishiga shubha uyg‘otadi.
“Tizim endilikda bunday shubhalarni pardalash uchun aybsizlik prezumpsiyasiga zid ravishda Odilov shaxsiga nisbatan trolling uyushtiradi, degan gumondaman”, deb yozadi Tashanov.
Ma’lumot uchun, Sirojiddin Odilovning You Tube kanalida 915 mingdan ortiq obunachi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Qonun doirasida” loyihasini yuritgan yurist Furqat Ro‘zmetov va uning xodimi Azamat Avezov qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingandi. Ular bir qator fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qilgan murojaatlari yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida qo‘lga olingan.
Joriy yilning 16 yanvar kuni “Taftish.uz” saytining 4 nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” Ommaviy axborot vositasi xodimlari 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Hamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Shuningdek, keyinroq O‘zbekistonda “Xalqparvar Guruhi” jurnalisti 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-6-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Live
Barchasi